

Shuncha vaqt oldin u "Nasaf" safiga kelib qo'shilgan va tez fursatda darhol o'zini ko'rsatishga kirishib ketgandi. Keyingi yillarda esa "Paxtakor" a'zosi sifatida chempionlik, kubok va Superkubokka ega chiqdi. Joriy mavsum boshida "Andijon" uning tajribasiga tayanishga qaror qildi va futbolchini jamoaga taklif qildi. Lekin Dragan mavsum tugamay "burgutlar" safini tark etdi.
- "Andijon"da o'zingizni to'liq ko'rsata oldingizmi yoki jamoaning o'yin uslubi avvalgi klublaringizdan farq qildimi?
- Yo'q, to'liq ochila olmadim. Bu yil ancha qiynaldim, chunki avvalgi klublarimning uslubi bilan "Andijon"niki o'rtasida katta farq bor ekan.
- Yosh hujumchilarimizga nima yetishmayapti? Nega yillar davomida to'purarlar poygasida mahalliy yigitlar emas, aynan siz kabi tajribli legionerlar oldinda bordi?
- Ular bilan tinimsiz ishlash kerak. Mayda detallargacha ko'rsatib berish shart - shundagina ular samaraliroq harakat qila boshlaydi. O'zbekistonda iqtidorli hujumchilar juda ko'p, ammo ular yana bir qadam tashlab, 5–6 yil davomida barqaror to'p surishi kerak. Chunki barqarorlik - mahorat belgisi.

- O'zbekiston chempionatini yanada yaxshilash uchun yana nimalar kerak?
- Bu savol menga emas. Futbolni rivojlantirish va yaxshilash uchun mas'ul bo'lgan maxsus insonlar bor.
- "Andijon" bilan xayrlashishingiz qaysi omillar bilan bog'liq?
- Jamoaga kutilganidek yordam bera olmadim. Buning uchun barcha mas'uliyatni o'z zimmamga olaman va hech kimga xalaqit qilmaslik uchun ketishga qaror qildim.
- "Andijon" sovrinli o'rinlarga kurashishi uchun nima qilishi kerak deb hisoblaysiz?
- Ochig'i, bu mening muammoim emas. Shu bois mazkur savolga ko'p to'xtalmayman.

- Yoshingiz 40 da, keyingi yil uchun rejalar qanday? "So'g'diyona"dan taklif borligi rostmi?
- Endi munosib hordiq va tatil vaqti... Ko'ramiz, boshqa jamoalardan qiziqish bo'lsa, kuch ham, xohish ham etarli - yana bir yil bemalol o'ynasa bo'ladi.
- Faoliyatingiz tugatgach, futbolda qolasizmi? O'zingizni murabbiy, skaut yoki agent sifatida sinab ko'rish istagi bormi?
- Ha, albatta. Faoliyatimni yakunlaganimdan keyin ham futbolda qolishni va kimgadir yordam berish kerak bo'lsa, ko'mak ko'rsatishni xohlayman.



