

Shu tariqa, Ryuji Sato sakkizinchi bor o'zbek jamoalari ishtirokidagi o'yinda ishlaydi. 1977 yilda tug'ilgan yaponiyalik ushbu hakam 2009 yildan xalqaro o'yinlarni boshqarishni boshlagan.
2014 yil U-19 Yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichi doirasida O'zbekiston BAA bilan 2:2 hisobida durang o'ynagandi.
Ushbu hakam 2015 yil Janubiy Koreya - O'zbekiston o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvida ham ishlagandi. Uchrashuvda Zohir Qo'ziboev gol urgandi va bahs 1:1 hisobida tugagandi.
2015 yil Sato OCHL guruh bosqichi doirasida "Lokomotiv"ning "Fulad"ga qarshi uchrashuvida hakamlik qilgan. O'sha uchrashuv ham 1:1 hisobida tugagandi.
O'tgan yil Ryuji bir yo'la ikki bor o'zbek klublari ishtirokidagi uchrashuvni boshqarib bordi.

OCHL 1-turi doirasidagi "Al Ahli" - "Nasaf" o'yinida "ajdarlar" 1:2 hisobida yutqazib qo'yishgandi. O'sha o'yinda hakam Erkin Boydullaevga qizil kartochka ko'rsatgan va Dilshod Rahmatullaevga nisbatan ishlatilgan qo'pollikni e'tiborsiz qoldirgandi. 3-turdan o'rin olgan "Sepaxon" - "Lokomotiv" uchrashuvida "temiryo'lchilar" Marat Bikmaev va Sardor Mirzaevning gollari evaziga zafar quchishgandi - 2:0.
Bir yil oldin 24 mart kuni O'zbekiston - Filippin uchrashuvida ham shu hakam faoliyat olib borgan. O'sha bahsda Anzur Ismoilov tomonidan urilgan yagona gol O'zbekistonga g'alaba keltirgandi - 1:0.
Nihoyat 1 sentyabr kuni O'zbekiston va Suriya o'rtasidagi bahsda Satoning xushtagi biz uchun omadli bo'lgan. Geynrixning goli va o'sha mashhur selfi - 1:0.
Osiyo Chempionlar ligasi-2017
"S" guruhi, 1-tur
21 fevral. Jidda
"Sport Siti" stadioni. 22:15 (Toshkent vaqti)
"AL-AHLI" (Saudiya Arabistoni) - "BUNYODKOR" (O'zbekiston)
Bosh hakam: Ryuji Sato
Qanot hakamlari: Toru Sagara, Xiroshi Yamauchi
Zaxira hakami: Araki Yusuke (barchasi - Yaponiya)
Hakamlar nazoratchisi: Adnan Ismoil Alhafi (Iordaniya)
Uchrashuv komissari: Song Xuang (Xitoy)


