

Shu tariqa, Ryuji Sato ettinchi bor o'zbek jamoalari ishtirokidagi o'yinda ishlaydi.
2014 yil U19 Yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichi doirasida O'zbekiston BAA bilan 2:2 hisobida durang o'ynagandi.
Ushbu hakam 2015 yil Janubiy Koreya - O'zbekiston o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvida ham ishlagandi. Uchrashuvda Zohir Qo'ziboev gol urgandi va bahs 1:1 hisobida tugagandi.
O'tgan yil Sato OCHL guruh bosqichi doirasida "Lokomotiv"ning "Fulad"ga qarshi uchrashuvida hakamlik qilgan. O'sha uchrashuv ham 1:1 hisobida tugagandi.
Bu yil Ryuji bir yo'la ikki bor o'zbek klublari ishtirokidagi uchrashuvni boshqarib bordi.
OCHL 1-turi doirasidagi "Al Ahli" - "Nasaf" o'yinida "ajdarlar" 1:2 hisobida yutqazib qo'yishgandi. O'sha o'yinda hakam Erkin Boydullaevga qizil kartochka ko'rsatgan va Dilshod Rahmatullaevga nisbatan ishlatilgan qo'pollikni e'tiborsiz qoldirgandi. 3-turdan o'rin olgan "Sepaxon" - "Lokomotiv" uchrashuvida "temiryo'lchilar" Marat Bikmaev va Sardor Mirzaevning gollari evaziga zafar quchishgandi - 2:0.
Nihoyat 24 mart kuni O'zbekiston - Filippin uchrashuvida ham shu hakam faoliyat olib borgan. O'sha bahsda Anzur Ismoilov tomonidan urilgan yagona gol O'zbekistonga g'alaba keltirgandi - 1:0.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston - Suriya uchrashuvi 1 sentyabr kuni bo'lib o'tadi.



