Rashid G'ofurov: "Raqibimiz Superligaga yo'l olish vazifasi qo'yilgan jamoa edi

Оқил Абдубарноев
5 apr 2026, 19:25
Pro liganing 1-turi doirasida "Yaypan" jamoasi Bekobodning "Metallurg" klubiga qarshi bahs olib bordi va 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o'tgan uchrashuvdan so'ng, "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi hamda o'yin haqidagi o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

– Bugungi o'yin haqida fikringiz qanday?

– Bugungi o'yin haqida fikrimni aytadigan bo'lsam, menimcha, juda chiroyli o'yin bo'ldi. Mag'lub bo'lganimizga qaramasdan, ko'pchilik muxlislar o'yinimizdan mamnun bo'ldi. Ammo o'yindan oldin ko'pchilik bizni bunday o'yin ko'rsatadi, deb o'ylamagan edi. Raqibimiz – Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan jamoa. Shuningdek, ularga etarlicha tashvish tug'dirdik. O'yin biz kutgandan ham yaxshi bo'ldi.

– Hisob o'yinga mos kelmadi, deb o'ylaysizmi?

– Baribir tajriba o'z so'zini aytdi. Hech bo'lmaganda, durang adolatli bo'lardi. O'yindan kelib chiqib qarasak, durang ularni ham qoniqtirmas edi. Nima bo'lgan taqdirda ham jamoamiz g'alaba uchun maydonga chiqdi.

– Ma'lumotlarga ko'ra, mavsum avvalida jamoa qiyinchiliklarga uchragan, jumladan, maydon masalasida. Shu haqda fikringiz?

– Hozirda maydon masalasi faqatgina bizda emas, ko'p jamoalarda kuzatilmoqda. Stadionlar yangi mavsumga tayyorlanmoqda. Shu sababli mashg'ulotlarimizni boshqa maydonda olib boryapmiz. Xudo xohlasa, 4-turni o'z maydonimizda o'ynashni rejalashtiryapmiz.

– Sizningcha, o'zgarishlar o'zini oqladimi?

– Biz boshqa futbolchini almashtirmoqchi edik, ammo Akbarxon Ibrohimxonov o'zini almashtirishni so'ragani uchun uni almashtirishga majbur bo'ldik.

– Qo'qondagi "Markaziy" stadion maydoni haqida qanday fikrdasiz?

– 10 ballik tizimda 10 ball beraman. Juda a'lo holatda. Bunday maydonda futbolchilar rohatlanib to'p suradi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Яйпан" матбуот хизмати