Rashid G'ofurov: "Qancha yaxshi o'ynasangiz, natija ham yaxshi bo'ladi"

Aslanov Jasurbek
13 may 2026, 23:36
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "Paxtakor" - "Yaypan" uchrashuvi 4:1 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. "Paxtakor" - bu "Paxtakor". Raqib jamoadan 5-6 nafar futbolchining terma jamoaga chaqirilganini bilardik. Nima bo'lgan taqdirda ham "Paxtakor" - chempionlikni, oldiga yuqori vazifalarni qo'yadigan jamoa. Shu sababli zaxira o'rindig'i ham kuchli, ular boshqa jamoalarga qarshi bemalol ushbu tarkib bilan o'ynay oladi. Bugun ham o'z isbotini topdi.

Futbolchilarimiz bosimga tushib qolishdi, biz "Paxtakor" stadionida o'ynashga qiynaldik. So'nggi 15-20 daqiqalikdagi o'yinni yigitlar o'z miyasiga singdirsa, istalgan jamoaga qarshi bemalol o'ynay olamiz. Dastlabki 15 daqiqada gol o'tkazmaslikka harakat qildik, keyin esa xatolar ko'payib ketdi.

- "Paxtakor" bugun terma jamoaga ketmagan futbolchilardan iborat tarkib tuzdi. Kubokda Superliganing boshqa jamoalariga nazar tashlasak, ko'p jamoalar aralash tarkibni yoki yoshlarni sinab ko'rmoqda. Raqibning bugungi tarkibi Siz uchun qanchalik syurpriz bo'ldi?
- Shunday bo'lishini kutgandim. Chunki "Lochin" "Lokomotiv"ni, "G'azalkent" "Dinamo"ni mag'lub etdi. Superliga jamoalaridan Kubokda qiynalgan ham bor. Shuni inobatga olgan holda Kamoliddin Tojiev Kubokni xavf ostiga qo'ygisi kelmadi deb o'ylayman. O'z oldiga qo'yilgan vazifaga boshidan jiddiy qaradi. Yoshlarni qo'yib, keyin natija uchun tajribalilarni emas, birdaniga tajribali futbolchilar orqali hisobni hal qilishni o'yladi. O'yindan avval qaydnomani ko'rganimda, bu jangovar tarkib ekanligini bildim.

- "Yaypan" Kubokda o'z oldiga maqsad qo'yganmi? Chunki guruhdagi qolgan ikki raqib bilan bemalol o'ynasa bo'ladi.
- Guruhdan chiqish biz uchun maqsad qilib qo'yilgani yo'q. Lekin yigitlar yaxshi o'yin ko'rsatib, guruhdan chiqishni o'ylamoqda. Qancha yaxshi o'ynasangiz, natija ham yaxshi bo'ladi. Siz aytayotgan "Kattaqo'rg'on" va "Surxon" orqali bu guruh eng kuchlisi bo'lib qoldi. "Kattaqo'rg'on" Proligada bo'lsa-da, o'z oldiga vazifa qo'ygan, tarkibida Superligaga tortadigan futbolchilari bor. Muammolarga duch kelgan bo'lsa ham "Surxon" Superligada o'ynaydi. Maydonga tushgandan keyin tashqi muammolar hayoldan chiqib ketadi. Ushbu jamoalar ichida biroz nozikrog'i biz bo'lsak kerak. Shu sababli ushbu jamoalarga qarshi o'yinlar biz uchun ishtiyoq va tajriba bo'ladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia