O'zbekistonning Kanadaga qarshi o'rtoqlik o'yini FIFA reytingiga ta’sir o'tkazadimi?

Оқил Абдубарноев
6 may 2026, 16:40
JCH–2026 oldidan terma jamoalar tomonidan o'tkaziladigan o'rtoqlik va tayyorgarlik o'yinlari FIFA reytingida rasman hisobga olinadi. Bu haqda musobaqa reglamentining 17-moddasida belgilangan.

FIFA qoidalariga ko'ra, mazkur o'rtoqlik uchrashuvlari amaldagi futbol qoidalariga muvofiq o'tkazilishi shart. Shuningdek, bu o'yinlarga Xalqaro hakamlar ro'yxatiga kiritilgan neytral hakamlar tayinlanishi talab etiladi. Ushbu qoida yordamchi hakamlarga va VAR tizimi mutaxassislariga ham tegishlidir. Terma jamoalar bunday bahslarni mezbon mamlakatga yetib kelgan kunidan boshlab, turnirdagi dastlabki o'yiniga besh kun qolgunga qadar o'tkazish huquqiga ega. Faqatgina bir guruhdan joy olgan jamoalarning o'zaro o'rtoqlik o'yini o'tkazishiga taqiq qo'yilgan.

Eslatib o'tamiz, 26 may sanasida O'zbekiston milliy terma jamoasi delegaciyasi Amerika Qo'shma Shtatlariga jo'nab ketadi. Mazkur yig'in va safar doirasida vakillarimiz 1 iyun kuni Kanada milliy terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi belgilangan. Demak, bo'lajak nazorat bahsi ham rasmiy maqomga ega bo'lib, unda qayd etilgan natija O'zbekiston terma jamoasining FIFA reytingidagi o'rniga bevosita ta’sir ko'rsatadi.

FIFA reytingida ayni damda Kanada 30, O'zbekiston esa 50-o'rindan joy olgan.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston MTJ "K" guruhida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR bilan bellashadi.

Avvalroq Jahon chempionati yakuniy tarkiblari qachon e'lon qilinishi va undan necha nafar futbolchi o'rin olishi haqida xabar berilgandi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia