O'zbekistonning bo'lajak raqibi – Suriya ishtirokidagi o'yinda translyatsiya mojarosi yuz berdi

Оқил Абдубарноев
29 sen 2026, 15:35
Iordaniya va Suriya milliy terma jamoalari o'rtasidagi (1:1) uchrashuvning telenamoyishi paytida yuz bergan texnik xatoliklar katta mojaro va muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo'ldi.

Iordaniyadagi uchrashuv translyatsiyasi boshlanishi bilan tomoshabinlar xira tasvir, tez-tez uzilishlar va hisobni ko'rsatishdagi xatoliklarga guvoh bo'lishdi. Keyinroq esa signalning o'ta yomonligi sababli telekanallar o'yin namoyishini butunlay to'xtatishga majbur edi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarning keskin tanqidlar to'lqinini keltirib chiqardi.

Iordaniya televideniesi o'yinni o'z texnik imkoniyatlari va ko'chma televizion stanciyalari yordamida bepul translyatsiya qilishni taklif qilganini, biroq Iordaniya futbol assotsiatsiyasi buni rad etib, xususiy kompaniyani tanlaganini va yuz bergan holat uchun mas'uliyat Assotsiatsiya zimmasida ekanini ma'lum qildi.

O'z navbatida, Iordaniya futbol assotsiatsiyasi muxlislardan uzr so'rab, bayonot berdi. Qayd etilishicha, mahalliy telekanallar translyatsiya huquqi bo'yicha taklifga kech javob bergani sababli ular xususiy kompaniya xizmatidan foydalanishga majbur bo'lgan. Efirdagi uzilishlar esa signal uzatishda ishlatilgan internet xizmatining sifatsizligi bilan izohlangan.

Hozirda ikki xil bayonot o'rtasida qolgan jamoatchilik xususiy kompaniya bilan tuzilgan shartnoma tafsilotlarini oshkor qilishni, translyatsiya barbod bo'lgani uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishni hamda kelgusi o'yinlarda bunday holat takrorlanmasligi uchun choralar ko'rishni talab qilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Suriya terma jamoasi 1 oktyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida O'zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi navbatdagi o'rtoqlik o'yinini o'tkazadi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Erem News