O'zbekiston terma jamoasi menejeri Sherzod Igamberdiev: "KXDR terma jamoasi uy uchrashuvlarini qayerda o'tkazishi noma'lum. OFK ikkinchi bosqichdagi sariq kartochkalarni bekor qilish arizasi bilan FIFAga murojaat qildi"

Абдулвосит Бектемиров
28 iyun 2024
JCH-2026 uchinchi saralash bosqichi qur'a natijalaridan so'ng terma jamoa menejeri Sherzod Igamberdiev bo'lajak raqiblar haqida fikr bildirib o'tdi.

- O'zbekiston terma jamoasi guruhdagi raqiblarini bilib oldi. Qanchalik qiyin guruhdan joy oldik? Qur'a natijalari haqida fikr bildirib o'tsangiz.

- Birinchi savatchadan qaysi terma jamoalar o'rin olganiga yaxshiroq e'tibor bering, Eron - logistika va o'zaro munosabatlar jihatidan qulayroq raqib. Eron bilan o'zimizning hisob kitobimiz bor. Ikki terma jamoa ham bir-birini juda yaxshi biladi. Qiziqarli to'qnashuvlar guvohi bo'lishimiz aniq. Qatar ham bizga tanish. Ushbu terma jamoa bilan yaqinda to'qnash keldik. Natijadan esa xabaringiz bor. Qatarga qarshi uchrashuvlarning ahamiyati haqida gapirib o'tirish shart emas. Bunday to'qnashuvga qo'shimcha motivaciyaning keragi ham yo'q. Bizning guruhdagi har bir raqiblarimiz o'ziga yarasha kuchli jihatlarga ega. Har bir terma jamoa kuchli ekanligini maydonda isbotlab bo'ldi. Har bir raqibga jiddiy yondashish kerak deb o'ylayman. Birlashgan Arab Amirliklari kuchli futbolchilar, ajoyib infratuzilma va kuchli ichki chempionatga ega mamlakat. Qirg'iziston esa yon qo'shnimiz, bu esa ikkita derbi uchrashuv bizni kutib degani. KXDR terma jamoasiga ham jiddiy yondashish kerak. Shimoliy koreyaliklar avvalroq mundialda ishtirok etishgan. Shuningdek, ular bizga bir taym ichida 4 ta gol urganini yaxshi eslaymiz. Guruhdagi har bir uchrashuv oson kechmaydi.

- Sizning fikringizcha Jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri bo'lgan ikkita yo'llanmani kim qo'lga kiritadi?

- Oldindan taxmin bildirish eng katta xato deb hisoblayman. Har bir uchrashuvga orzumiz tomon tashlangan yana bir qadam deb qarasak, mundialga chiptani rasmiylashtirishimizga ishonchim komil. Associaciya o'z bo'ynidagi barcha vazifalarni bajarib beradi. Yana bir yaxshi yangilik, OFK ikkinchi saralash bosqich bahslari doirasida olingan barcha sariq kartochkalarni bekor qilish bo'yicha FIFAga murojaat qildi. Bu esa bizga foyda. Jarohatlangan futbolchilarimiz Igor Sergeev va Xojiakbar Alijonovlar kuzga qadar o'zining optimal sport holatiga qaytib olishadi.

- Srechko Katanets ushbu raqiblar logistika jihatidan ancha qulay jamoalar ekanligini ta'kidlab o'tdi. Biroq KXDR terma jamoasi biz uchun katta jumboq. 2015 yildagi uchrashuvni eslab o'tdingiz. Pxenyanda bo'lib o'tadigan uchrashuv haqida qandaydir tasavvurga egamisiz? Shimoliy Koreyaga safar uyushtirish qanchalik qiyin bo'lishi mumkin? Mamlakat federatsiyasi bilan uchrashuvni neytral maydonda o'tkazish bo'yicha kelishib olishning imkoni bormi?

- Safar uchrashuvlarimiz bo'lib o'tadigan barcha shaharlarga to'g'ridan-to'g'ri reyslar amalga oshiriladi. Eron, Qatar, BAA, Qirg'iziston mamlakatlariga viza kerak emas. Shuningdek, Doxa, Dubay va Tehron shaharlarida yaqinda o'yin o'tkazdik va u erdagi sharoitlarni yaxshi bilamiz. Ushbu jihat ham bizning foydamizga ishlaydi degan umiddaman. KXDR - katta muammo. Terma jamoa so'nggi uchrashuvlarini Laosda o'tkazganidan xabardormiz. KXDR terma jamoasining uy uchrashuvlari qayerda o'tkazilishi bo'yicha hech qanday ma'lumotga ega emasmiz. Vaziyatni OFK va FIFA bilan birga kuzatib boramiz. Bir nima sodir bo'lsa, ularga murojaat qilamiz.


Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia