O'yin hisobga mos bo'lmadi. Shomurodovga raqobat qiladigan hujumchi? Yo'q, deb o'tirgan bilan ish bitmaydi - AQSH - O'zbekiston uchrashuvi mutaxassis nigohida

Iskandarov Abdulaziz
11 sen 2023
Srechko Katanets boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi kecha tunda okean orti mamlakati bo'lmish AQSHda mamlakat terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Garchi mazkur bahs rasmiy maqomda bo'lmasada, muxlislar, mutaxassislarda turlicha fikrlarni uyg'otdi. Bu borada O'zbekiston chempionati tarixidagi eng yaxshi to'purarlaridan biri Anvar Berdievning mulohazalarini tingladik. Ayni paytda Sho'rtan bosh murabbiyi hisoblangan sobiq to'p tepar dastlab o'yinning umumiy kartinasiga to'xtalib o'tdi. Keyin esa qolgan detallar haqida fikrlarini bildirdi. 

- O'zbekiston terma jamoasining AQSHga qarshi uchrashuvini oynai jahon orqali tomosha qildik. Ikkilanmasdan shuni aytish mumkinki, o'yin hisobga mos bo'lmadi. Futbolchilarimiz AQSH bilan tengma-teng o'yin ko'rsatdi. Ijobiy tomoni, terma jamoada Srechko Katanetsning imzosi ko'rinyapti. O'yinda bu narsa yaqqol sezildi. Vakillarimiz munosib qarshilik ko'rsatishdi. Agarda o'zimizning imkoniyatlarimizdan foydalanganimizda hisob boshqacha ko'rinish olishi mumkin edi. Salbiy tomoni shuki, futbolchilarimiz so'nggi daqiqalarda o'yin tugadi, deb bo'shashishdi. Shuning hisobiga yana 2ta gol o'tkazib yuborishdi. Fikrimcha, bu qo'rqinchili emas. Futbolchilar ham xatolarini tushunib etishdi, deb o'ylayman. To'g'risi Katanets kelganidan keyin o'yinimizda o'zgarish sezildi. Futbolchilar maydond nima qilishini, vazifasini bilyapti. Katanets 2 yil davomida ancha o'zgartira oldi. 

- Eldor Shomurodov haqida fikrim juda iliq. O'zbekistonning birinchi raqamli hujumchisi hisoblanadi. AQSH bilan va terma jamoamizning avvalgi uchrashuvlarida ko'rdikki, Shomurodov o'ziga o'zi vaziyat yarata olyapti. Sof hujumchi kabi vaziyatlarni kutayotgani yo'q. Kerak pallada ortga qaytib o'zi vaziyat hosil qilishga harakat qilmoqda. Raqobatga kelsak, boshqa hujumchilarimiz xafa bo'lishmasin, lekin Shomurodovga raqobat qiladigan hujumchilarimiz yo'q. Eldorga keyingi o'yinlarda omad tilaymiz. 

- Ichki chempiontimizda hujumchilarimiz o'zlarini ko'rsata olmayapti. Bu vaqtinchalik, deb o'ylayman. Shohruz Norxonov va Temurxo'ja Abduxoliqov kabi forvardlarimiz bor. Ammo boshqalar o'zlarini ko'rsata olayotgani yo'q. To'purarlar ro'yxatiga qarab o'zim ham achinib ketdim. Bironta o'zbekistonlik hujumchi yo'qligi achinarli. Yo'q deyavergan bilan ish bitmaydi. Mana jamoalarda darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar bor. Hujumchilar bilan ham alohida ishlaydigan murabbiy kerak. O'zbekistonda istedodlar ko'p. Faqat to'g'ri ishlansa, kelajakda hammasi yaxshi bo'ladi. 

- Xojiakbar Alijonovni Superligadagi o'z poziciyasining eng yaxshisi, deb bilaman. Kechagi o'yinda iliq taassurot qoldirdi. Paxtakorda ham ajoyib o'yin ko'rsatayotganini takidlash joiz. Muhimi to'xtab qolmasin. Kuchli chempionatlarda to'p tepsin. Bu terma jamoamizga ham katta foyda. 

- AQSH bilan o'yin tarixda qoldi. Meksika bilan terma jamoamiz boshqacha o'yin ko'rsatadi. Chunki avvalgi raqib bilan farqi bor. Futbolida, uslubida, o'yinni qurishida tafovutlar etarlicha. Terma jamoamizga bu uchrashuvda omad tilayman.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia