

Yig'ilish avvalida O'FA rahbariyati tomonidan terma jamoalar murabbiylarining faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar etirof etildi. Shu bilan birga, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berildi.
Kun tartibidan 2026 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, 2027 yil uchun belgilangan rejalar hamda kelgusida bajarilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar o'rin oldi. Har bir jamoa bosh murabbiyi o'z yo'nalishi bo'yicha amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berdi.
Muhokamalar davomida terma jamoalarni har tomonlama rivojlantirish, futbolchilarning jismoniy, taktik va psixologik tayyorgarligini yanada oshirish, xalqaro musobaqalarga puxta hozirlik ko'rish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, hujumchilar va darvozabonlarning individual tayyorgarligini kuchaytirish, mashg'ulotlar jarayonida barcha muhim detallarni inobatga olish yuzasidan tavsiyalar berildi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o'zining xalqaro tajribasi va faoliyati davomida orttirgan bilimlaridan kelib chiqib, yosh toifadagi terma jamoalar murabbiylariga qator tavsiyalarini bildirdi.
Yig'ilishda 2027 yil O'zbekiston futboli uchun muhim davr bo'lishi alohida takidlandi. Xususan, may oyida mamlakatimiz mezbonlik qiladigan U-17 Osiyo kubogini yuqori saviyada tashkil etish va unda O'zbekiston terma jamoasining munosib ishtirokini taminlash muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Shuningdek, sentyabr–oktyabr oylarida yurtimizda o'tkazilishi rejalashtirilgan U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur xalqaro musobaqalarga davlat miqyosida katta e'tibor qaratilayotgani, ularni yuqori tashkiliy saviyada o'tkazish hamda terma jamoalarimizning munosib ishtirokini taminlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi qayd etildi.
Yig'ilish yakunida barcha terma jamoalar oldiga aniq vazifalar qo'yilib, kelgusi musobaqalarda yuqori natijalarga erishish, futbolchilar zaxirasini shakllantirish va o'zbek futboliing xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi takidlandi.











