

Go Oiva murabbiyligidagi Yaponiya U-21 terma jamoasi chorak finalda Shimoliy Koreyani kichik hisobda mag'lubiyatga uchratib, yarim finalda O'zbekiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo'ldi.
26 sentyabr kuni "Toyota" stadionida bo'lib o'tgan chorak final uchrashuvining dastlabki daqiqalarida yaponlar Shimoliy Koreyaning shiddatli hujumlari va tajovuzkor o'yini oldida qiyinchiliklarga duch kelishdi. Biroq 39-daqiqada yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, hisobni ochishga muvaffaq bo'lishdi. Mixiro Satoning havolatib uzatgan to'piga birinchi bo'lib yetib kelgan Nvadike Uche Brayan Seio raqib himoyachisi bilan kurashda ustun kelib, o'ng oyog'ida darvozani ishg'ol qildi. Ushbu yagona gol kunchiqar yurt vakillariga 1:0 hisobidagi g'alabani va yarim final yo'llanmasini taqdim etdi.
Uchrashuv qahramoni Nvadike o'yindan so'ng bergan flesh-intervyusida bahs og'ir kechganini, ammo jamoa o'z o'yin uslubiga sodiq qolgani g'alaba omili bo'lganini ta'kidladi. O'z goli haqida esa: "Himoyachilar ortiga tashlangan to'plar bilan ishlash – mening eng kuchli jihatlarimdan biri, shuning uchun vaziyatni kutgandim va o'xshaganidan xursandman", – deya fikr bildirdi.
Endilikda Yaponiya terma jamoasi 30 sentyabr kuni bo'lib o'tadigan yarim final bahsida musobaqa favoritlaridan biri – O'zbekiston terma jamoasi bilan to'qnash keladi. Bo'lajak hal qiluvchi bahsga to'xtalar ekan, 21 yoshli yaponiyalik hujumchi vakillarimizga qarshi qattiq tayyorgarlik ko'rishini yashirib o'tirmadi: "O'zbekistonga qarshi o'yinda gol urib, jamoamni g'alaba sari etaklamoqchiman. Birinchi navbatda jamoamizning mutlaq g'alaba qozonishi shartligini unutmagan holda, bor kuchimiz bilan kurashamiz", – deya ta'kidladi u.



