Nurillo To'xtasinov: "Vadim Abramov o'yindan oldin "Paxtakor" chempionlikni bizning maydonda nishonlashiga yo'l qo'ymasligimizni aytdi"

Aslanov Jasurbek
6 noya 2020
Coca Cola Superliganing 18-turdan o'rin olgan qoldirilgan uchrashuvida "Bunyodkor" "Paxtakor"ni 3:2 hisobida mag'lub etdi.

Mazkur uchrashuvda mezbonlarning ikki goliga Nurillo To'xtasinov mualliflik qildi va bahs qahramoni bo'ldi. O'yindan so'ng yarim himoyachiga bir nechta savollar bilan yuzlandik.

- G'alaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuvdan oldin aksariyat futbol ishqibozlari "Paxtakor"ning imkoniyatlarini yuqori baholagan edi. Ammo, "Bunyodkor" bu taxminlarni yo'qqa chiqardi va kuchli raqib ustidan g'alaba qozondi...

-  Tabrik uchun rahmat. "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvga munosib tayyorgarlik ko'rdik. Vadim Abramov bizga  o'zimizning o'yinni o'ynasak va o'z kuchimizga ishonsak g'alaba qozonishimiz , biz bu jamoani o'tgan yili ham yutganmiz bu yil ham yutishimiz mumkinligini ta'kidladi.  

- Bu yil o'yiningizda katta o'sish kuzatildi. Uzoq masofadan ajoyib gollar urmoqdasiz. Bularning bari mashg'ulotlar  samarasimi?

- Albatta, mashg'ulotlarda ham uzoq masofadan ko'p zarba berish ustida ishlaymiz. Qaysidir manoda murabbiyimizning ko'rsatmasi sabab deyishim ham mumkin. Ko'proq markazda harakat qilib zarba yo'llashimni talab qiladilar.

- "Bunyodkor" joriy mavsumda yetakchi jamoalarga qarshi ikki hissa kuch bilan to'p tepayotganini ko'rmoqdamiz...

- Vadim Karlenovich "Paxtakor" bizning maydondan chempion sifatida chiqib ketmasligini tushuntirdi. Jamoadagi barcha futbolchilar bor kuchi bilan to'p tepdi. 


- Jamoada nazariy jihatdan sovrinli o'rinlar uchun imkoniyat saqlanib qolingan. Shuningdek O'zbekiston kubogi ham oldinda kutib turibdi...

- Xudo xohlasa O'zbekiston kubogida yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. 

- Kecha uchrashuvda futbol muhitini yaratishda muxlislar ham katta hissa qo'shishdi. Menimcha, bu yil "Bunyodkor" stadionida bunday hissiyotlar, vaziyatlarga boy o'yin hali bo'lmagan edi...

- Ha, muxlislarimizga shunchalik kelib bizni qo'llab-quvvatlashgani uchun raxmat aytib qolaman. 

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia