Nematillo Qutiboev: "Bugun rotaciyaga e'tibor qaratdik, ammo raqibga etarlicha qarshilik ko'rsatdik"

Оқил Абдубарноев
10 may 2026, 20:48
O'zbekiston kubogi 1-tur doirasidagi "Aral" - "Qo'qon-1912" o'yinidan so'ng (0:1) mezbonlar bosh murabbiyi Nematillo Qutiboev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– "Qo'qon-1912" jamoasini bugungi g'alaba bilan tabriklaymiz. O'yinga keladigan bo'lsak, o'zingiz guvoh bo'ldingiz, bugun tarkibda rotaciyani amalga oshirdik va shu paytgacha maydonga tushmagan futbolchilarni o'ynatdik. Ular ancha vaqtdan beri o'yin amaliyotisiz qolishgan edi. O'yinni kuzatgan bo'lsangiz, "Qo'qon-1912" – Superliga jamoasi hisoblanadi va tarkibida kuchli futbolchilar jamlangan. Biroq o'zingiz ko'rganingizdek, o'yin tugashiga besh daqiqa qolganida to'p o'tkazib yubordik.

– Bilamizki, "Qo'qon-1912" bu erga birinchi raqamli jamoa sifatida tashrif buyurdi. Ular Superliga vakili bo'lganligi sababli, jamoa darajasi baribir yuqoriroq hisoblanadi. Biz ularga etarlicha qarshilik ko'rsata oldik, deb o'ylaymiz. Agar maydonga asosiy tarkib tushirilib, kubok bahsiga yanada jiddiyroq yondashganimizda, ochko olishimiz mumkin edimi?

– Biz kubok o'yiniga jiddiy munosabatda bo'ldik. Nega deganda, zaxirada o'tirgan futbolchilarga imkoniyat berishimiz kerak edi. Shuncha vaqtdan beri ta'kidlab kelayotganimdek, bir necha o'yindan beri 12–13 nafar futbolchimizga juda katta yuklama tushmoqda. Hozirda ko'plab o'yinchilarimiz jarohatdan forig' bo'lishdi. Ularning holatini ko'zdan kechirish, kelajakda jamoaga yordam bera oladimi yoki yo'qmi, shuni bilish va qolaversa, ular o'yin amaliyoti orqali jismoniy holatini tiklab olishlarini maqsad qilgan edik. Kubok bahsiga jiddiy qaradik, ammo baribir ushbu rotaciyani amalga oshirishimiz shart edi. O'zingiz ko'rdingiz, bunday tarkib va tizimda ular birinchi marta o'ynashmoqda. Umuman olganda, jamoamiz menda yaxshi taassurot qoldirdi.

– O'zingiz ham biroz avval aytib o'tdingiz, maydonga tushmagan, o'yin amaliyotiga ega bo'lmagan futbolchilarni tushirib, rotaciya qildik, dedingiz. Xo'sh, ushbu o'yin orqali, yani rotaciya natijasida o'zingizga kerak bo'lgan xulosani ololdingizmi?

– Ha. Birinchi navbatda, biz zaxirada qolib ketgan va jarohatdan qaytgan futbolchilarning holatini ko'rmoqchi edik va bunga erishdik. Kim nimaga qodirligini bilish maqsadida ularni shu tomonlama sinovdan o'tkazib oldik. Boshqa tomondan, yuqorida aytib o'tganimdek, bu ular uchun muhim o'yin amaliyoti bo'ldi. Kelajakda ushbu futbolchilardan foydalanadigan bo'lsak, albatta, bugungi o'yindan o'zimizga tegishli xulosalarni chiqaramiz.

– Bizning legionerlarimizni raqib legionerlari bilan qiyoslay oladigan darajada o'yin bo'ldimi?

– Bugun, masalan, Mark Krasnov yaxshi harakat qildi. Vepa ham o'z darajasida o'ynadi, biroq biroz o'tib toliqib qoldi va jarohat oldi. Lekin, fikrimcha, Mark Krasnov bugun munosib o'yin ko'rsatdi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia