"Neftchi" darvozaboni Farruh Turdaliev: “Yangiliklar ko'p. Kam gapirib, ish bilan isbotlamoqchimiz”

Narzulla Saydullayev
29 dek 2019
Farg'onaning “Neftchi” jamoasi o'z qarorgohida yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

O'z oldiga Superligaga chiqishni maqsad qilib qo'ygan farg'onaliklar yig'inning ilk kunlarida jismoni holatni yaxshilashga qaratilgan mashqlarga urg'u berishdi. Biz bu borada jamoaning ishonchli darvozaboni Farruh Turdalievning fikrlari bilan qiziqdik

“20 dekabr kuni yig'ildik. Tatildan so'ng asosan jismoniy imkoniyatlarimizni ko'rib olish maqsadida, shunga doir mashqlarni bajaryapmiz. Jamoada ichki muhit a'lo darajada, hamma bir biri bilan iliq munosabatda. Moliyaviy tomondan ham ayni paytda holat barqaror deya olaman. Umuman olganda yangiliklar ko'p. Biz kam gapirib, ish bilan isbotlamoqchimiz.



Barcha futbolchilar jamoa bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko'ryapti. Hozircha hech kim tark etganicha yo'q. Maqsadimiz “Neftchi”ni Superligaga qaytarish. Biz buning uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Agarda bir oila bo'lib birlashsak, o'ylaymanki oldimizga qo'yilgan vazifani bajara olamiz.

Jamoamiz bu safar Superligaga chiqish uchun jiddiy yondashadi. O'tgan mavsumdagi xatolarimizdan to'g'ri xulosa chiqardik. Nasib qilsa muxlislar “Neftchi”ni kuchlilar safida albatta ko'rishadi”, - dedi Farruh Turdaliev.


Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia