"Neftchi" bilan durangdan keyin "Al Hilol"da jiddiy choralar ko'rilmoqda

Оқил Абдубарноев
27 noya 2026, 19:20
Saudiya Arabistonining "Al Hilol" klubida so'nggi uchrashuvlardagi qoniqarsiz natijalardan keyin futbolchilarning o'yini va intizomi bilan bog'liq masalalar muhokama qilinmoqda.

Eslatib o'tamiz, Ar Riyod klubi Elit OCHLda avval Qatarning "Al Shamal" jamoasiga mag'lub bo'lgan, keyin esa Farg'onada "Neftchi" bilan 2:2 hisobida durang o'ynagan edi. O'zbekiston klubiga qarshi bahsda Simone Inzagi shogirdlari birinchi bo'limda 2:0 hisobida oldinga chiqib, ustunlikni saqlab qololmagan.

Saudiya Arabistonining "Kooora" nashri xabar berishicha, taniqli jurnalist Valid Al Farroj "Rotana Sport" dasturida "Al Hilol" ichidagi vaziyatga oid ma'lumotlarni oshkor qilgan.

Uning so'zlariga ko'ra, bosh murabbiy Simone Inzagi jamoaning uch nafar yetakchi futbolchisi bilan alohida yig'ilish o'tkazgan. Italiyalik mutaxassis ularning so'nggi uchrashuvlarda yo'l qo'ygan xatolarini tahlil qilib, o'yin sifatiga oid etirozlarini bildirgan.

Murabbiy futbolchilarga o'yinlardan olingan videolavhalar orqali xatolarini ko'rsatib, ulardan o'z harakatlarini yaxshilashni talab qilgan.

Shuningdek, klub sport direktori ham asosiy tarkib futbolchilaridan biri bilan alohida suhbatlashgan. Suhbat davomida unga hozirgi o'yin saviyasi rahbariyatni mutlaqo qoniqtirmayotgani bildirilgan.

Al Farrojning ma'lum qilishicha, "Al Hilol" rahbariyati mashg'ulotlardan biriga kechikkan bir qator yetakchi futbolchilarga nisbatan yirik miqdorda moliyaviy jarimalar qo'llagan.

Jurnalist klubdagi vaziyatni katta oilaga qiyoslab, ichki kelishmovchiliklar har doim ham jamoatchilikka oshkor qilinmasligini takidlagan.

Uning qayd etishicha, "Al Hilol" muxlislari orasida so'nggi ikki yil davomida turli qarashlar yuzaga kelgan. Ayrim muxlislarda klub prezidenti va sport direktori o'rtasida vakolatlar taqsimoti yuzasidan kelishmovchilik borligi haqida tasavvur shakllangan.

Shunga qaramay, klub rahbariyati va egalari Simone Inzagini qo'llab-quvvatlashda davom etmoqda. Biroq italiyalik mutaxassisdan jamoaning o'yini va natijalarini yaxshilash talab qilingan.

Ma'lumot uchun, "Al Hilol" 28 noyabr kuni Saudiya Arabistoni chempionatining 13-turida "Al Ittifoq"qa qarshi maydonga tushadi.

O'xshash yangiliklar

Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Kooora