

Gulchehraning orzulari ulkan edi va futbolga qiziqqanligi bois, yolg'iz farzandi, 2008 yilda tavallud topgan o'g'li Fayozbekni kelajakda futbolchi sifatida voyaga etkazib, Yevropa klublarida o'ynashini niyat qilardi. Shu maqsadda, Fayozbekni bolaligidan o'zi tug'ilib-o'sgan Uychi tumanidagi futbol maktabiga bergandi. Fayozbek 4-sinfni bitirgach, Namangan shahridagi 1-mahorat maktabi imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tib, mazkur o'quv dargohiga qabul qilindi hamda ayni u yerda millionlar sir-asrorlarini o'rganmoqda. Sentyabr oyida 7-sinfga o'tadigan Fayozbek Madmarovning ampluasi - himoyachi.
Afsuski, bevaqt o'lim Gulchehraning niyatlari ro'yobga chiqishiga yo'l qo'ymadi.
Bugun Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov tashabbusi bilan marhum Gulchehra Madmarovning farzandi Fayozbek “Navbahor” PFKga taklif qilindi.
Klub ofisida Fayozbek bilan klub rahbariyati, jumladan, “Navbahor” PFK prezidenti Otabek Samatov, sport direktori Akmal Sohibov va direktor o'rinbosari Abdumalik Umrzoqov suhbatlashib, unga klub nomidan onasining vafoti munosabati bilan taziya bildirib, klub Fayozbekni o'z qaramog'iga olganligi, har qanday yordamga tayyor ekanliklarini takidlagan holda, kelajakda mahoratli futbolchi bo'lib yetishishi, onasining orzularini ro'yobga chiqarishiga niyat bildirishdi.

Shundan so'ng, Otabek Samatov Fayozbek Madmarovga viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning maxsus sovg'asi – krossovka hamda sport kiyimlarini topshirdi.
Fayozbek bunday e'tibor uchun viloyat hokimi va klub rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, kelajakda mahoratli futbolchi bo'lish uchun barcha imkoniyatini ishga solishini aytib o'tdi.



