MYU Kerrikka doimiy asosda bosh murabbiy bo'lishni taklif qiladi. Klub rahbarlari uning ishidan hayratda

Aslanov Jasurbek
5 may 2026, 00:26
MYU Kerrikka hamkorlikni uzaytirishni taklif qiladi.

Manchester Yunayted Maykl Kerrikni jamoa boshqaruvida qoldirishga tayyor. 44 yoshli mutaxassis Ruben Amorim iste'foga chiqarilganidan so'ng mankunianliklar bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi lavozimini egallab turibdi. Uning shartnomasi mavsum yakunigacha amal qiladi.

The Guardian nashri xabariga ko'ra, Yunayted rahbariyati Kerrik bilan uning kelajagi bo'yicha hali muzokara olib bormagan edi, chunki ular mutaxassis jamoani Chempionlar Ligasiga olib chiqa olishini kutishgandi. Yakshanba kuni "Liverpul" ustidan qozonilgan g'alaba (3:2) klubga mavsum yakunida APLning kuchli beshligidan joy olishni kafolatladi.

Endi Manchester Yunayted Kerrikka doimiy asosda jamoani boshqarish haqida taklif berishi kutilmoqda. Klub bosh direktori Omar Berrada va sport direktori Jeyson Uilkoks uning ishidan mamnun va futbolchilar uni qo'llab-quvvatlashini bilishadi.

Mayklning klubda qolishi uchun Brunu Fernandesh va Xarri Maguayr kabi futbolchilar ovoz berishmoqda.

Manchester Yunayted 35 turdan so'ng 64 ochko jamg'argan holda APL turnir jadvalida 3-o'rinni egallab turibdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Guardian