Murod Aliev "Paxtakor" bilan o'yinda ko'tarilgan banner haqida: "Shu yerda rahbar bo'lib noto'g'ri ish qilayotgan joyimiz yo'q"

Iskandarov Abdulaziz
30 iyul 2026, 11:15
"Bunyodkor" klubi bosh direktori Murod Aliev oxirgi paytlarda ro'y berayotgan muammolar, xususan "Paxtakor" bilan o'yinda ko'tarilgan banner haqida saytimizga intervyu berdi.

"Bu kunlar ham o'tib ketar"

O'zbeklarda bitta maqol bor: "Oshing halol bo'lsa, ko'chada egin". Ochiqchasiga javob beraman, shu yerda rahbar bo'lib noto'g'ri ish qilayotgan joyimiz yo'q. Qo'limizdan kelganicha klubga yordam beryapmiz. Bu kunlar ham o'tib ketar. Qiyin vaziyatligini hamma bilib turibdi. Bilasiz, bizda klub va stadion direkciyasi alohida. Direkciya - maydon va hududga javob beradigan tashkilot. U O'FA qoshida, klubga aloqasi yo'q. "O'zbekneftgaz" bizga ham pul berardi, direkciyaga ham ajratardi.

Har bir jamoa keyingi mavsumga tayyorgarlikni dekabr oyida boshlaydi va futbolchilar bilan muzokaralar olib boradi. O'tgan yili 5-o'rinni oldik, moliyaviy tomondan muammo yo'q edi. Hamma sharoitlarni yaratdik, chiroyli o'yin ko'rsatdik.

O'tgan yilgi qarzlardan bizga "O'zbekneftgaz"dan 4 milliard 300 ming so'm pul yetib kelmadi, chunki qo'shimcha smeta qilingandi. Rahbariyat o'zgargani sababli bu pulni ololmadik. Tayyorgarligimiz boshqacha kechayotgan edi, lekin o'sha paytda rahbariyatda o'zgarish yuz berdi.

"11 milliardni o'zimiz topdik"

Keyin mart oyida Prezidentimizning 107-sonli qarori, yani 35 milliard so'm ajratish bo'yicha hujjat chiqdi. Bundan 10 milliardini berishdi. Yurtboshimizga rahmat. O'FA bu mablag'ni qanchadan tarqatish kerakligini ko'rsatib berdi.
Biz shunchaki o'tirganimiz yo'q. Bundan tashqari, o'zimiz 11 milliard so'm ishlab topdik. Bu - shu hududdagi ijaralar va akademiyamizga keladigan bolalarning to'lovidan tushadigan pullardir. Shu kungacha yetib keldik; safarlarga borish-kelishda, mehmonxonalarda muammo bo'lmadi.

Direkciyadagi ishchilarning maoshi bizga aloqador emas. Ular yil boshida maosh olishmadi, keyinchalik 5 oylik maoshlari tashlab berildi.

"Pul yaxshiligida fan-klub ham yonimizda turdi..."

Bannerga to'xtaladigan bo'lsak, fan-klubdagi tushunadigan yoki tushunmaydigan insonlar rahbar shunchaki o'tiribdi, deb o'ylashmoqda. O'tgan yili pul yaxshiligida fan-klub ham yonimizda turdi.

Bizdagi ahvol "Nasaf", "Surxon", "Buxoro"da ham bor. To'g'ri, ularga hokimiyat yordam berayotgandir. Biz ham xat chiqarganmiz, lekin hech kim kelib yordam berayotgani yo'q, kunimizni o'zimiz ko'ryapmiz.

Achinarli hol, "Bunyodkor"da Rivaldo masalasi turibdi. Bu - 2010 yilgi masala. Sport arbitraj sudining qarori chiqqan. Shu yerda o'tirib, "O'zbekneftgaz" xodimlari futbolchi bilan muzokara olib borib, summani kamaytirishga erishgan edik. 5 yilda qisman-qisman yopamiz, degan shartnomaga imzo chekilgan. 2 yilini yopdik. 3-yilga kelib o'zgarishlar sabab pul to'xtab qoldi. To'g'risini aytganda, chiqmagan joyimiz qolmadi. Javob esa bitta: "Homiylik qila olmaymiz".

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia