

Paragvay JCH-2026 nimchorak finaliga yo'l oldi. Janubiy amerikaliklar 1/16 finalda musobaqa favoritlaridan biri sanalgan Germaniyani penaltilar ceriyasida mag'lub etdi. Uchrashuv qahramoni esa darvozabon Orlando Xil bo'ldi. U nemislarning dastlabki to'rtta penalti zarbasidan ikkitasini qaytardi va jamoasiga tarixiy g'alabani taqdim etdi.
Qizig'i shundaki, bundan bir necha yil avval Orlando Xil butunlay boshqa muammolar bilan kurashayotgan edi. Bugun Germaniyani musobaqadan chiqarib yuborgan darvozabonning hayot yo'li juda og'ir sinovlarga boy bo'lgan.

Darvozabonning bolaligi
Xil bolaligida umuman darvozabon emas, hujumchi bo'lishni orzu qilgan. U Paragvayning San-Lorenso shahridagi "Club 13 de Junio de Reducto" klubida shug'ullangan. Bir kuni murabbiy unga tanlov qo'yadi: yo darvozaga o'tadi, yo zaxirada qoladi. 13 yoshli Orlando darvozani tanlaydi.
Biroq dastlab bu qaror o'zini oqlamaydi. Xil juda ko'p gol o'tkazardi. Shunga qaramay, u taslim bo'lmadi. Manuel Noer, Viktor Valdes va Iker Kasilyasning o'yinlarini muntazam tomosha qildi, qo'shimcha mashg'ulotlar uchun hatto maktab darslarini ham qoldiradigan bo'ldi. Onasi buning uchun uni ko'p koyiganini keyinchalik tabassum bilan eslagan.
Tinimsiz mehnat o'z samarasini berdi. Uni avval Paragvay U-17, keyin esa San-Lorenso klubi payqadi. 16 yoshida zaxira jamoasida, 18 yoshida esa Paragvay U-20 terma jamoasi safida Janubiy Amerika chempionatida ishtirok etdi.
Ammo professional faoliyatidagi eng og'ir sinov maydonda emas, oilasida kutib turgandi.

Hayotidagi og'ir damlar
2022 yilda Orlando Xilning o'g'li Lautaro Daniel muddatidan oldin dunyoga keldi. Chaqaloqning hayotini saqlab qolish uchun zudlik bilan davolanish zarur edi. O'sha paytda Xil o'ynayotgan klubda maoshlar muntazam kechiktirilardi va oilaning moliyaviy ahvoli og'ir edi.
Davolanish xarajatlarini qoplash uchun Orlando deyarli qo'lida bor barcha narsani sotishga majbur bo'ldi. Butsalari, krossovkalari, klub anjomlari va hatto 2019 yilgi U-20 Janubiy Amerika chempionatida kiygan Paragvay terma jamoasi futbolkasini ham sotdi. Bu libos uning uchun oddiy futbolka emas, bolalik orzusi ushalganining ramzi edi.
Bugun esa Xil o'sha kunlarni eslashni xushlamaydi. Intervyularidan birida u faqat shunday degan: "Bizga bergan barcha nematlari va oilam bilan boshdan kechirgan sinovlarimiz uchun Xudoga shukr qilaman".

Paragvay terma jamoasidagi faoliyat
Qizig'i, Orlando Xil Paragvay milliy terma jamoasida ancha kech – 25 yoshida debyut qilgan. Bundan ham qizig'i, u ilk o'yinini Paragvay JCH yo'llanmasini hal qilib bo'lganidan keyingina o'tkazgan. Dastlab murabbiy Gustavo Alfaro uni shunchaki ko'rib olish uchun yig'inga chaqirgan edi. Ammo mashg'ulotlardagi ishonchli harakatlari va o'yini tufayli Orlando qisqa vaqt ichida asosiy darvozabonga aylandi.
Germaniyaga qarshi bahs uning Paragvay safidagi atigi o'ninchi uchrashuvi bo'ldi. Shunga qaramay, aynan u penaltilar ceriyasida ikki zarbani qaytarib, jamoasini nimchorak finalga olib chiqdi.
Bir necha yil avval o'g'lining davolanishi uchun shaxsiy buyumlarini sotishga majbur bo'lgan Orlando Xil bugun Paragvayning JCHdagi eng muhim g'alabalaridan birining bosh qahramoniga aylandi.

JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



