"Metallurg" sport direktori Farzod Zaripov: "Bu mundialda natija muhim emas, chunki Jahon chempionatiga chiqqanimizning o'zi - katta natija"

Sherzod Nurmatov
9 iyun 2026, 14:55
O'zbekiston milliy terma jamoasi Kanada va Niderlandiyaga qarshi o'rtoqlik bahslarida maydonga tushdi.

Tabiiyki, mazkur o'yinlardan so'ng hammada turlicha fikrlar yangramoqda. Biz bu borada "Metallurg" sport direktori Farzod Zaripovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Jahon chempionatidan real va muxlislik nuqtayi nazaridan kutilmalar qanday?

- O'zbekiston - vatanimiz uchun Jahon chempionati juda katta tarixiy voqea hisoblanadi. Butun jahon hamjamiyatiga eshik ochib kirdik, desak bo'ladi. Muxlislarimizning necha yillik orzusi amalga oshdi. Kutilmalarga kelsak, asosiysi, futbolchilarimiz Kolumbiya, Portugaliya va Kongoga munosib qarshilik ko'rsatishsin. O'zbek futboli to'g'ri rivojlanish yo'lida ekanligini ko'rsata olishlari kerak. 2024 yilda birinchi marotaba Olimpiadada ishtirok etdik. O'smirlarimiz, yoshlarimiz qita miqyosidagi turnirlarda munosib qatnashishmoqda, Jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchisiga aylanishdi. Endi milliy jamoamizga navbat. Garchi Kolumbiya va Portugaliya favorit deyilayotgan bo'lsa-da, bizning futbolimiz saviyasi ham ancha o'sganligini ko'rsatishlarini kutyapmiz. To'g'ri, hayajon yo'q emas. Biz futbolchilarimizga ishonamiz. Bu Jahon chempionatida natija muhim emas, chunki mundialga chiqqanimizning o'zi - katta natija. Ular o'zlarini, muxlislarning yuzini yorug' qilib qaytishsa bo'lgani.

1.jpg

- O'rtoqlik o'yinlaridan so'ng bosim juda ko'payib ketdi. Bu qanchalik to'g'ri?

- Mundialda yigitlardan bosimni olib tashlash kerak. Bosim qilinaverilsa, futbolchilarimizning o'yini chiqmay qoladi. Ular shunchaki zavq olib o'ynashlari kerak. Kannavaroning bu boradagi fikriga qo'shilaman. Yaxshi harakat qilinsa, uchinchi o'rin bilan keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarimiz etarli deb hisoblayman.

- O'rtoqlik uchrashuvlaridan so'ng qanday xulosalar yuzaga keldi?

- Kanada va Niderlandiya bilan o'rtoqlik uchrashuvlarida terma jamoamizning haqiqiy imkoniyatlari ko'ringani yo'q. To'g'ri, Kannavaro kartalarni berkitib, qandaydir taktik yurish qildi, deb o'ylamayman. Zaxiramiz unchalik uzun emas. Kannavaroda rotaciyalar qilib, raqibni chalg'itish uchun imkoniyatlar katta emasligini ham tan olish kerak. Kanada bilan avval uchrashganmiz, lekin Niderlandiya bilan tarixda ilk bor o'ynadik. Ruhiy tomondan bu foyda bo'ldi. Niderlandiyaning nufuzi Portugaliya bilan teng, Kongo va Kolumbiyanikidan esa yuqoriroq. O'FA rahbariyati Niderlandiya bilan bahsni yaxshi tashkil qilgan.

- Siz ko'rgan ilk Jahon chempionati va kuzatgan musobaqalaringizdan eng yodda qolgani qaysi bo'lgan?

- 2006 yilgi Jahon chempionati Zidanning qizil kartochkasi va Materacci bilan mojarosi orqali esda qolgan. Penaltidan Zidanning "panenka" uslubida yo'llagan zarbasi ham ajoyib chiqqan. Lekin penaltilar seriyasida Italiya g'olib bo'lgan. Bu - men ko'rgan ilk Jahon chempionati edi. Yana bir yodda qolarli voqea: 2010 yilgi Jahon chempionatida o'zbekistonlik hakam Ravshan Ermatovning debyutidir. Rafael Ilyasov hamda qirg'izistonlik Bahodir Qo'chqorovning ishtirok etgani katta voqelik sifatida qabul qilingan. Ravshan Ermatov keyinchalik 2014 va 2018 yilgi Jahon chempionatlarida ham qatnashdi va eng ko'p o'yin boshqargan hakam sifatida tarixga kirdi. 2026 yilga kelib, nihoyat, milliy terma jamoamiz ham Jahon chempionatida qatnashadi. Bu o'zgacha g'urur beradi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia