“Metallurg” ertaga “Qizilqum” bilan nazorat uchrashuvini o'tkazadi

10 fev 2018, 00:51
Yangi mavsum boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Superliga klublari ayni kunlarda o'yin amaliyotini shakllantirish uchun ko'rik-nazorat uchrashuvlariga zo'r berishmoqda.

Bekobodning “Metallurg” jamoasi tayyorgarlikning so'nggi bosqichini Qibray o'quv-mashg'ulot maskanida olib bormoqda.

Andrey Shipilov yetakchiligidagi futbolchilar har kuni ikki mahaldan mashg'ulotlar o'tkazishyapti. O'z navbatida nazorat uchrashuvlariga ham katta e'tibor qaratishyapti. Muqaddam bir haftalik ish yakunlari shunday o'yinlar bilan xulosalanilgan bo'lsa, mavsum yaqinlashgan sayin nazorat uchrashuvlari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, ertaga Toshkent viloyati “Do'stlik” jamoa xo'jaligi stadionida bekobodliklar Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga qarshi maydonga chiqishadi. 14 fevral sanasiga “Neftchi” bilan, 17 fevral kuniga esa “So'g'diyona” bilan nazorat uchrashuvlari rejalashtirilgan. Mazkur o'yinlar yangi mavsum oldidan murabbiylar shtabi uchun asosiy tarkibni shakllantirishda so'nggi ko'rik vazifasini o'tab beradi.

Shu o'rinda bugun “Metallurg” futbol klubi O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining dastlabki “buyurtmasi”dan o'tganligini aytib o'tish lozim. Jamoa bilan shartnoma imzolagan hamda tibbiy ko'rikdan o'tgan futbolchilarning birinchi guruhi O'FAda “zayavka” qilindi. Qolgan futbolchilar va klub rahbariyati vakillari 19 fevral kuni buyurtmadan o'tadi.


Manba: "Металлург" матбуот хизмати