

Yangi mavsumning 4 ta turi ortda qoldi. Siz uchun qaysi jamoa eng noqulay raqib bo'ldi?
Men uchun eng noqulay raqiblardan biri 1-turdagi "Yaypan" jamoasi bo'ldi. Bu jamoada juda yaxshi tarkib yig'ilgan, tartibli va kurashuvchan o'yin ko'rsatadi. Qo'shimchasiga mavsumdagi birinchi o'yin edi. Ana shu bahsda biroz qiynaldik, aynisa, o'yin tempi va bosim yuqori bo'ldi.
Shu bilan birga "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurovni alohida ta'kidlab o'tmoqchiman. U inson katta futbolga qadam qo'yishimda muhim rol o'ynagan. Shuning uchun bu jamoaga qarshi o'yin men uchun boshqa bahslardan ajralib turibdi.
Tig'iz taqvim va futbolchilarning unga moslashishi haqida...
Albatta, tig'iz taqvim futbolchilarga ma'lum darajada qiyinchiliklar tug'dirmoqda. Ayniqsa o'yinlar oralig'ida tiklanish jarayonida biroz qiyinchiliklar bo'lyapti. Ammo bu futbolning bir qismi - biz har qanday holatga tayyor bo'lishimiz zarur. Jamoadoshlarim bilan bunga moslashib boryapmiz va har bir o'yinga maksimal darajada tayyor bo'lishga harakat qilyapmiz.
Ortda qolgan 4 ta bahsda 3 ta gol va to'purarlar poygasida 2-o'rindasiz. Mavsum starti oldidan to'purar bo'lish haqida o'ylaganmidingiz?
Albatta, har bir hujumchi o'z oldiga to'purar bo'lishni maqsad qilib qo'yadi. Mavsum boshida mana shuni niyat qilganman va har bir o'yinda jamoamga foyda keltirib, gol urishga harakat qilyapman. Biroq eng muhimi - jamoa natijasi. Ana undan keyin imkon bo'lsa, albatta, liga to'purarligi uchun ham kurashaman.
Navbatdagi raqib - "Paxtakor" FJ haqida nimalar deya olasiz? Ushbu bahsga tayyorgarlik haqida gapirsangiz
5-turdagi raqibimiz - "Paxtakor" FJ. Bu jamoa yosh va iqtidorli futbolchilardan shakllangan. Juda tezkor va intiluvchan yigitlar bor. Tayyorgarligimizga kelsak, odatdagidek, barcha astoydil mehnat qilmoqda. Ushbu bahsga ham g'alabani ko'zlab tayyorlanyapmiz. PRO-Ligada oson raqibning o'zi yo'q.



