"Metallurg" bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov: "Eng quvonarlisi, futbolchilar o'yindan o'yinga qo'shyapti"

25 apr 2026, 23:27
Proliga 5-turdan o'rin olgan "Paxtakor farm" – "Metallurg" bahsi 0:5 hisobida yakun topdi. O'yindan keyin bekobodliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugungi g'alaba bilan muxlislarimizni, futbolchilarni va klubimiz rahbariyatini tabriklayman. Sekin-asta vazifani bajarib o'z maqsadimiz sari intilyapmiz. Eng quvonarlisi, futbolchilar o'yindan o'yinga qo'shyapti. Tobora biz murabbiylar xohlagan futbolni jamoamiz namoyish etmoqda. Bugun ikkinchi va uchinchi hududda tez o'ynab beshta gol urishga erishdik.

- "Metallurg" nima sababdan "Paxtakor farm"da kuch bor payti o'z o'yinini ko'rsatishga qiynaldi?

- Futbolda shunaqa: ketma-ket uch-to'rtta o'yinda yutish osonmas, bu ham futbolchilarga ta’sir qiladi. Menimcha, bugungi bahs boshlarida shu ham rol o'ynadi. "Sho'rtan" avvalgi tur qiyin raqibni mag'lub etgandi, biroq bu turda "Yaypan" bilan durang o'ynadi. "Sho'rtan" yaxshi jamoa, lekin negadir kecha o'yini chiqmadi.

"Paxtakor farm" yoshlardan tashkil topgan yaxshi jamoa, o'yindan oldin bizda ham hadik bor edi. Ayrim o'yinchilarimiz birinchi taymda havo issiq bo'ldi deyishdi. 15-daqiqaga qadar 2-3 bor vaziyat yaratdik, lekin gol ura olmadik. Har bir o'yindan oldin ftubolchilarni uyg'otish kerak bo'lyapti. Aytib o'tganimdek, o'yindan o'yinga qo'shyapmiz va bu bizni xursand qilmoqda. Bunaqa "boksing dey" yaqin orada bo'lmagandi, bu biz uchun ham qiziq bo'lyapti. Avgustda ham shunaqa bo'lar ekan. 26 yanvardan jamoani yig'ib mashg'ulotlarni boshlagan bo'lsak, ko'z tegmasin futbolchilarimizning jismoniy holati yaxshi. Ikkinchi bo'limda gollar urayotganimiz ham gapimga isbot bo'ladi.

- "Metallurg" Superligaga chiqish uchun asosiy da'vogarlardan hisoblanadi. Jamoa ruhiy va jismoniy jihatdan o'z salohiyatini qancha payt ushlab tura oladi?

- Bizda bosim ancha yuqori. Rahbariyat talabi katta. Buni bilan holda jamoani qabul qilib olganman. Har bir o'yin biz uchun finalga teng bo'lyapti. O'n oylik musobaqani stressda o'tkazamiz. O'z paytida "Neftchi"da ham shunday bo'lgandi va bunga yana tayyorman. Ikkinchi davrada tarkibni yana kuchaytiramiz, kamida to'rt-besh nafar futbolchi olamiz. Asosan oldingi chiziqni kuchaytiramiz.


Manba: championat.asia