Meksika terma jamoasi futbolchilari 1 million dollarlik Rolex soatlaridan voz kechdi

5 iyul 2026, 23:20
Meksika terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi a'zolari mashhur bloger Stevewilldoit (Stiven Deleonardis) sovg'a qilgan qimmatbaho Rolex soatlarini qabul qilmaslikka qaror qildi.

Ma'lum qilinishicha, bloger JCH–2026 1/16 finalida Ekvadorga qarshi uchrashuv (2:0) oldidan terma jamoa qarorgohiga tashrif buyurib, barcha futbolchi va murabbiylarga Rolex soatlarini sovg'a qilgan. Uning aytishicha, har bir soatning qiymati 30 mingdan 90 ming dollargacha, sovg'alarning umumiy qiymati esa 1 million dollarni tashkil etgan.

Bloger bu sovg'ani Meksikada yashaganini va mamlakatga hurmati baland ekanini aytgan. Shuningdek, u Meksikaning Ekvador ustidan qozonadigan g'alabasiga 2 million dollar tikkanini, g'alaba holatida yana 1 million dollar yutuq olishini ham ma'lum qilgan.

Biroq keyinchalik Meksika futbol federatsiyasi tomonlar o'zaro kelishuv asosida barcha sovg'alar qaytarilganini e'lon qildi.

Bu qaror FIFAning Etika kodeksi talablariga muvofiq qabul qilingan. Qoidalarga ko'ra, ramziy qiymatga ega bo'lmagan yoki manfaatlar to'qnashuviga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan qimmatbaho sovg'alarni qabul qilish taqiqlanadi. Ushbu qoidani buzganlarga kamida 10 ming Shveytsariya franki jarima hamda ikki yilgacha futbol faoliyatidan chetlatish jazosi qo'llanilishi mumkin.

Eslatib o'tamiz, Meksika terma jamoasi JCH–2026 1/8 finalida Angliyaga qarshi bahs olib boradi.

O'xshash yangiliklar


Manba: The Athletic