"Manchester Siti" yordamchi murabbiyi: "Husanovni har ko'rganimda, "TEZKOR!" deb chaqiraman"

Оқил Абдубарноев
4 apr 2026
"Manchester Siti" klubi yordamchi murabbiyi Pep Leynders "Liverpul"ga qarshi o'yindan so'ng jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovni etirof etdi.

"Husanovni mashg'ulot maydonchasi yoki yo'laklarda har ko'rganimda "TEZKOR!" deyman. U juda epchil! Shu bilan birga, bosiq va himoyada juda aqlli harakat qiladi. Himoya chizig'ida yuqori tezlikka ega bo'lish doim qo'l keladi.

Menimcha, bugun butun himoya chizig'i – to'rtala futbolchimiz ham raqib markazga qancha o'yinchi tashlaganini yaxshi nazorat qila oldi. Raqibning yurishlariga qanday bardosh berganimiz tahsinga loyiq. Biz vaziyatni doimo nazorat qildik va shu bilan birga yuqori poziciyani saqlab qoldik.

To'rtala himoyachimiz ham haqiqatan ajoyib o'yin o'tkazdi! Ammo Husanov misolida aytadigan bo'lsam, birinchi vaziyatda to'pni o'yinga kiritish uchun hech qanday echim yo'qligida, u oldinga chiqib, yarim himoyaga qanday dadil qo'shilganini ko'rdingiz. U oldinga dadil qadam tashlamoqda.

U shunchaki o'sishda davom etishi kerak. U ulkan salohiyatga ega yosh futbolchi. Bu esa "Manchester Siti"da bunday darajaga chiqa oladigan yangi o'yinchilar ko'pligini ko'rsatadi", dedi niderlandiyalik mutaxassis.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: City Report