

Futbolchining so'zlariga ko'ra, u "Pari Sen-Jermen" taklifini qabul qilishidan oldin Angliya Premer-ligasiga ko'chib o'tishga bir qadam qolgan ekan. Mersisaydliklar klubiga o'tishning asosiy tashabbuskori esa uning agenti vazifasini bajaruvchi onasi Fayza Lamari bo'lgan.
- Ha, o'sha vaqtlarda haqiqatan ham "Liverpul"ga o'tishga juda yaqin kelgandim, - deya Mbappening so'zlarini keltiradi The Athletic. - Onam Yurgen Kloppning ashaddiy muxlisasi hisoblanadi, shuning uchun u uchun Angliya varianti mutlaqo ustuvor edi. U juda ham "Enfild"ga yo'l olishimni xohlagan edi. Biroq men boshqacha qaror qabul qildim, chunki o'sha paytda o'z tug'ilib o'sgan shahrim - Parijda o'ynashni qatiy maqsad qilgandim. Shaxs sifatida va katta futbolchi bo'lib shakllanib ulgurmagunimcha Fransiyani tark etishni istamaganman. Ammo onam bu fikridan qaytmay, muntazam ravishda: "Liverpul"ga o't - u yerdagi muhit va arena sen uchun chinakam sehrli bo'ladi , - der edi.
Hujumchi, shuningdek, o'sha paytda "qizillar"ni boshqargan Yurgen Klopp bilan shaxsan muloqot qilganini va germaniyalik mutaxassis unda o'chmas taassurot qoldirganini ta'kidladi:
- O'sha uchrashuvni hamon juda yaxshi eslayman. Biz xususiy samolyotda edik va Klopp o'z uzoq muddatli loyihasini qiziqish bilan tanishtirib borayotgan bir paytda samolyot havoda aylanib, tinimsiz parvoz qilardi. Bir lahzada uning so'zini bo'lib degandim: "Meni ko'ndirishingiz shart emas. Siz - Yurgen Kloppsiz, "Liverpul" esa ulkan tarixga ega buyuk klub. Modomiki, qarshingizda o'tirgan ekanman, demak, bunga katta qiziqishim bor. Biroq ayni paytda stolim ustida undan kam bo'lmagan yana boshqa jozibali takliflar ham turibdi".
Eslatib o'tamiz, Kilian Mbappe katta futbolga 2015–2018 yillarda to'p surgan "Monako" safida kirib kelgan. Shundan so'ng u "Pari Sen-Jermen" sharafini himoya qilib, klub tarixidagi eng yaxshi to'purarga aylandi va 2024 yilning yozida erkin agent maqomida rasman Madridning "Real" klubiga qo'shildi.



