Keyn "Manchester Siti" ishi haqida: "Bunga izoh bera olmayman. Ayni damda bor e'tiborimiz Angliya terma jamoasida"

Sherzod Nurmatov
1 okt 2026, 16:50
Angliya terma jamoasi sardori Harri Keyn "Manchester Siti"ning moliyaviy qoidalarni buzganlikda aybdor deb topilgani haqidagi xabarni Millatlar Ligasi doirasidagi Chexiya ustidan qozonilgan g'alabadan (2:0) so'ng bilganini ma'lum qildi.

Uchrashuv 29 sentyabr kuni bo'lib o'tgandi.

Seshanba kuni APL "Manchester Siti" moliyaviy qoidalarni qo'pol ravishda buzganlik bo'yicha barcha bandlarda aybdor deb topilgani to'g'risida bayonot berdi. Klub esa o'z navbatida bayonot chiqarib, aybsizligini ta'kidladi va 2 oktyabrga qadar apellyaciya berish niyatida ekanini bildirdi.

Keyndan Angliya terma jamoasi qarorgohida bu mavzu muhokama qilinganmi-yo'qligi so'raldi.

"To'g'risini aytsam, o'yin yakunlanmaguncha bu xabarlardan bexabar edim. Butun kun davomida telefonimni olmadim. Hozircha bunga izoh bera olmayman. Yaqin kunlarda bu haqda ko'p gapirilishiga aminman.

Har doim aytaman: bu yerda ekanmiz, Angliya bilanmiz. Biz terma jamoa haqida o'ylaymiz, u yerdagi yigitlar esa klubga qaytgach, buni o'zlari hal qilib olishadi. Hozir barcha e'tiborimiz shanba kungi Xorvatiyaga qarshi bahsga qaratilgan", – dedi Keyn.

APL xabariga ko'ra, "Siti"ga nisbatan qo'llanadigan sankciyalar masalasi alohida eshituvda ko'rib chiqiladi, ehtimoliy jazo choralari orasida esa ligadan chetlatish ham ko'rib chiqilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Metro