Kattalardan so'ng navbat kichiklarga: O'zbekiston U-20 Osiyo Kubogiga tayyor

Xayrulla Xoliqov
1 apr 2026, 10:30
Bugun Tailandda ayollar futboli bo'yicha U-20 terma jamoalar o'rtasida XII Osiyo chempionati start oladi. Ushbu musobaqada O'zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Tarixga nazar

Shu paytgacha musobaqa 11 bor o'tkazilgan bo'lib, dastlabki U-20 Osiyo chempionati 2002 yilga to'g'ri keladi. O'shanda birinchi xalqaro turnirga Hindiston mezbonlik qilgan bo'lib, Yaponiya U-20 qizlar terma jamoasi chempionlikni qo'lga kiritgandi. Quyida musobaqaga mezbonlik qilgan mamlakatlar hamda barcha chempionlarni keltirib o'tamiz.

2002. Mezbon - Hindiston. Chempion - Yaponiya

2004. Mezbon - Xitoy. Chempion - Janubiy Koreya

2006. Mezbon - Malayziya. Chempion - Xitoy

2007. Mezbon - Xitoy. Chempion - Shimoliy Koreya

2009. Mezbon - Xitoy. Chempion - Yaponiya

2011. Mezbon - Vetnam. Chempion - Yaponiya

2013. Mezbon - Xitoy. Chempion - Janubiy Koreya

2015. Mezbon - Xitoy. Chempion - Yaponiya

2017. Mezbon - Xitoy. Chempion - Yaponiya

2019. Mezbon - Tailand. Chempion - Yaponiya

2024. Mezbon - O'zbekiston. Chempion - Shimoliy Koreya

2002. Mezbon - Tailand. Chempion - ???

5.jpg

E'tibor bergan bo'lsangiz, ushbu musobaqaga mezbonlik asosan Sharqiy Osiyo davlatlariga berilgan bo'lib, faqat avvalgi turnir mezbonligi Markaziy Osiyo mamlakati O'zbekistonga topshirildi. U-20 qizlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida eng ko'p chempionlik Yaponiyaga nasib etgan - 6 marta.

O'zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi qita birinchiligida hozirgacha 5 marta ishtirok etgan bo'lib, o'z ishtirokini har doim guruh bosqichida yakunlagan. O'zbekiston U-20 terma jamoasining ishtiroki 2002, 2004, 2015, 2017 hamda 2024 yilgi musobaqalarga to'g'ri keladi.

6.jpg

Guruhlar va jamoalar

Bu yilgi U-20 Osiyo chempionatida 12ta jamoa ishtirok etadi va jamoalar to'rttadan uch guruhga bo'lingan.

A guruhi: Tailand, Xitoy, Vetnam, Bangladesh.

B guruhi: Shimoliy Koreya, Janubiy Koreya, O'zbekiston, Iordaniya.

C guruhi: Yaponiya, Avstraliya, Xitoy Taypeyi, Hindiston.

4.jpg

Guruh o'yinlarimiz:

2 aprel. 14:00. Janubiy Koreya - O'zbekiston

5 aprel. 18:00. O'zbekiston - Shimoliy Koreya

8 aprel. 18:00. O'zbekiston - Iordaniya

Musobaqa formatiga ko'ra, har bir guruhdan birinchi-ikkinchi o'rinlar bilan birgalikda eng yaxshi ikkita uchinchi o'rin egasi (jami 8ta jamoa) chorak finalga yo'l oladi. Shu yilning 5-27 sentyabr kunlari Polshada bo'lib o'tadigan U-20 qizlar Jahon chempionatiga Osiyo uchun 4ta yo'llanma ajratilgan bo'lib, Osiyo chempionati yarim finaliga chiqqan barcha to'rtta jamoa mundial yo'llanmasiga ega bo'ladi. Ma'lumot uchun, Jahon chempionatida 24ta terma jamoa ishtirok etadi.

7.jpg

Stadionlar

Tailanddagi U-20 Osiyo chempionatiga ikkita shahar - Patum Tani va Nontaburi mezbonlik qiladi hamda o'yinlar uchta stadionda o'tkaziladi. O'zbekiston U-20 qizlar terma jamoamiz guruh o'yinlarini har ikki shaharda o'tkazadi.

1. Thammasat Stadium - sig'imi 25 ming

2. Pathum Thani Stadium - sig'imi 15 ming

3. Nonthaburi Province Stadium - sig'imi 10 ming

Raqiblar va imkoniyatlar

Guruhdagi raqiblarimiz kuchli deb bemalol ayta olamiz. Masalan, Janubiy Koreya bilan Shimoliy Koreya bungacha ikki marta Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan. Shuningdek, Iordaniya ham o'ziga yarasha kuchga ega. Lekin o'ylaymizki, Vladimir Panov boshchiligidagi qizlarimiz o'zlarini ko'rsata olishdi. Darvoqe, kecha musobaqa oldidan murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi va terma jamoamiz ustozi ingliz tilida bemalol o'z fikrini bayon etgani kishini xursand qildi.

Ushbu musobaqa ham qiziq o'tishi kutilmoqda, negaki o'rtaga Jahon chempionati yo'llanmasi tikilgan. Kuni kecha OFK sayti har bir jamoaning qizlariga to'xtalib, O'zbekistondan "Sevinch" futbolchisi Zarina Norboevani alohida etirof etdi. Musobaqa nizomiga ko'ra, Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Vladimir Panov 23talik ro'yxatni OFKga taqdim etgan bo'lib, tarkibga "So'g'diyona", "Bunyodkor", "Qizilqum", "Lokomotiv", "Sevinch", OKMK va "Neftchi" klublaridan iqtidorli qizlar taklif etilgan. Qizlarimizga bo'lajak musobaqada omad tilab qolamiz.

Xayrulla Xoliqov


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: Championat.asia