Jamoliddin Rahmatullaev: "Standart vaziyatlardagi loqaydlik qimmatga tushdi"

16 avg 2026, 00:24
"Respublika FA" murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev Proliga 15-tur doirasida "Metallurg"ga qarshi o'yindan so'ng (1:3) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikringiz...

– Juda ham qiziqarli o'yin bo'ldi. O'ylaymanki, ikki jamoa ham g'alaba qozonish uchun maksimal darajada harakat qildi. Baribir raqib juda ham tajribali futbolchilardan yig'ilgan jamoa ekanligi ikkinchi bo'limda ham ko'rinib turdi va tajriba o'z so'zini aytdi. Afsuski, bizning yigitlar standart vaziyatlarda diqqatni yo'qotishdi. Uchinchi gol ham yon chiziqdan to'p kiritilganidan so'ng o'tkazib yuborilganini hisobga olsak, deyarli barcha gollar standart vaziyatlarda urildi. Demak, buning ustida ishlashimiz kerak. Standart vaziyatlardagi koncentraciyani yo'qotishimiz bizga qimmatga tushdi. O'yin nazorati tomonlama ko'proq biz ustunlik qildik. Rivojlanishda davom etamiz. Yigitlar bunday uchrashuvlardan, aytishim mumkinki, juda ham katta tajriba orttirishmoqda.

– Bundan oldingi turda Pro liga yetakchisi "Aral" jamoasi bilan o'yinda ko'p kuch sarflandimi? Shu sababli bugungi o'yinda futbolchilarda charchoq sezildimi?

– Yo'q, bizda tiklanish uchun etarli vaqt bo'ldi. Yigitlar jismoniy holatini yaxshi tiklab olishgan edi. Bugun biroz charchoq sezildi, lekin buni yo'l charchog'i deb baholashim mumkin. Baribir yigitlarimiz yosh, maydonda borini berib o'ynashyapti. Ularda o'yin davomida balansni ushlash, kuchni to'g'ri taqsimlash – bu mahorat bilan shakllanadigan jihat. Shu sababli, vaqti kelib bu borada ham kerakli tajribaga erishamiz.

– Birinchi bo'limda jamoangizning o'yini qovushayotgan edi va hisobda ham oldinda borayotgan edinglar. Ikkinchi bo'limda o'yinning asosiy burilish nuqtasi nima bo'ldi deb hisoblaysiz? Ushbu o'zgarishlarga nima sabab bo'ldi?

– Darhaqiqat, to'g'ri ta'kidlab o'tdingiz. Juda ham yaxshi o'yin bo'ldi, birinchi bo'limda hisob ham, o'yin tempi ham bizning nazoratimizda, rejadagidek ketayotgan edi. Yuqorida ta'kidlab o'tganimdek, standart vaziyat va unda diqqatni yo'qotishimiz oqibatida o'tkazib yuborilgan gol bizni yana oldinga chiqishga undadi. Bu esa ehtiyotkorsizlikka olib keldi va juda qisqa vaqt ichida ikkinchi golni ham o'tkazib yubordik. Mening aytmoqchi bo'lganim shuki, yosh yigitlarda baribir mahorat yetishmasligi mana shunday vaziyatlarda sezilib qoladi. Chunki biz golni ikkinchi bo'limning dastlabki daqiqalarida o'tkazib yubordik, o'yin tizginini yana o'z qo'limizga olish uchun vaqtimiz etarli edi.

Agar xotirjamlik bilan pozicion hujumlarga o'tganimizda, maqsadga muvofiq bo'lardi. Sababi, bugungi uchrashuvda pozicion hujumlar bizda juda yaxshi chiqdi va ko'plab xavfli vaziyatlar yaratdik. Xuddi shunday davom etishimiz kerak edi. Men qo'ldan kelgancha maydon chetidan futbolchilarimga shoshmaslikni, xotirjam bo'lishni va bizda vaqt etarli ekanligini uqtirgan bo'lsam-da, yigitlar baribir oldinga biroz shoshilishdi. Natijada ikkinchi golni ham o'tkazib yubordik. Bu gol ham standart vaziyatdan kiritildi. Uchinchi gol urilgan vaqtda esa biz bor kuchimiz bilan hujumga chiqib bo'lgan edik, orqa chiziqda bo'shliqlar paydo bo'ldi va kuch yo'qotdik.

– Jamoangiz chindan ham yaxshi o'yin ko'rsatdi. Avvalgi turda ham, bu turda ham Superligaga yo'llanma olish vazifasi qo'yilgan jamoalarga munosib qarshilik ko'rsata oldi. Bugungi o'yindan kelib chiqib, o'z jamoangizga emas, balki "Metallurg" jamoasining harakatlariga qanday baho berasiz?

– Raqib haqida gapiradigan bo'lsak, ularda juda tajribali futbolchilar yig'ilgan. Har tomonlama, hattoki kerakli vaqtda hakamga ham bosim o'tkaza olishyapti. Ular shu darajada mahoratli jamoa hisoblanadi. Baribir bugungi o'yinda tajriba o'z so'zini aytdi. Lekin to'pni nazorat qilish, taktik intizomga rioya etish va tezkorlik borasida bizning yigitlar raqibga nisbatan ancha yaxshiroq harakat qilishdi. Raqib jamoa ikkinchi davrada ancha kuchaygan. Maydondagi harakatlar, tezlik va sprintlar sezilarli darajada ko'paygan. Ularga keyingi o'yinlarda omad tilab qolaman.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia