

Jahon chempionati-2026
FINAL
Ispaniya – Argentina 1:0
Bosh hakam – Slavko Vinchich (Sloveniya)
Yordamchi hakamlar – Tomaj Klanchnik, Andraj Kovachich (Sloveniya)
To'rtinchi hakam – Adham Maxadmeh (Iordaniya)
VAR (Video yordamchi hakam) – Bastian Dankert (Germaniya)
VAR yordamchilari – Nikolas Gallo (Kolumbiya), Xamis Al Marri (Qatar)
Zaxira yordamchi hakami – Muhammad Al Xalaf (Iordaniya)
FIFA o'yin direktori – Xolid Nassar (Misr)
FIFA o'yin komissari – Karlos Fernandes (Gvatemala)
Gol: 1:0 – 106, Ferran Torres (Niko Uilyams)
Ispaniya: 23. Unai Simon, 8. Fabian Ruis (20. Pedri, 62), 10. Dani Olmo (6. Mikel Merino, 75), 12. Pedro Porro, 14. Emerik Lyaport (4. Erik Garsiya, 99), 15. Aleks Baena (17. Niko Uilyams, 75), 16. Rodri (18. Martin Subimendi, 99), 19. Lamin Yamal, 21. Mikel Oyarsabal (7. Ferran Torres, 62), 22. Pau Kubarsi, 24. Mark Kukurelya.
Zaxira: 1. David Raya, 13. Xoan Garsiya, 2. Mark Pubil, 3. Aleks Grimaldo, 5. Markos Lorente, 9. Gavi, 11. Yeremi Pino, 25. Viktor Munos, 26. Borxa Iglesias.
Argentina: 23. Emiliano Martines, 3. Nikolas Talyafiko, 4. Gonsalo Montiel (26. Nauel Molina, 58), 6. Lisandro Martines (19. Nikolas Otamendi, 44), 7. Rodrigo De Paul (17. Juliano Simeone, 70), 9. Xulian Alvares (2. Markos Senesi, 102), 10. Lionel Messi, 13. Kristian Romero (25. Fakundo Medina, 70), 15. Niko Gonsales (5. Leandro Paredes, 46), 20. Aleksis Mak Allister, 24. Enco Fernandes.
Zaxira: 1. Xuan Musso, 12. Xeronimo Ruli, 8. Valentin Barko, 11. Jovani Lo Chelso, 14. Esekiel Palasios, 16. Tyago Almada, 18. Niko Pas, 21. Xose Manuel Lopes, 22. Lautaro Martines.
Ogohlantirishlar: Lisandro Martines (41), Leandro Paredes (52), Enco Fernandes (82), Aleksis Mak Allister (112)
Chetlatish: Enco Fernandes (90+3, ikkinchi ogohlantirish)
120+5' – Tugadi! Hakamning so'nggi xushtagi yangradi!
Ispaniya – Jahon chempioni!
120+1' – Xavfli vaziyat! Burchak zarbasi uzatib berilganidan so'ng jarima maydonchasi ichida Simeone to'pni o'ziga bo'ysundirib, kuchli zarba yo'lladi, biroq to'p darvozaning yuqorisidan uchib o'tdi! Argentina hisobni tenglashtirish uchun qanday imkoniyatni qo'ldan boy bermoqda! Vaqt esa tobora kam qolmoqda.
120+' – Ikkinchi qo'shimcha taymning asosiy vaqtiga hakam tomonidan 5 daqiqa vaqt qo'shib berildi! Argentina terma jamoasida o'yinni qutqarib qolish va penaltilar seriyasiga yetib borish uchun so'nggi imkoniyatlar qoldi!
120' – Xavfli vaziyat! O'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga xavfli uzatma amalga oshirildi, himoyachilar to'pni juda katta qiyinchilik bilan qaytarib qolishdi! Burchak zarbasi. Argentina o'yinni qutqarib qolish uchun so'nggi soniyalarda bor kuchini ishga solmoqda!
117' – Lionel Messining zarbasidan so'ng to'p Mikel Merinoning yuziga tegdi. Maydonda shifokorlar – futbolchiga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda.
113' – Ferran Torres darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, gol urdi, biroq hakam o'yindan tashqari holat qayd etdi. Gol bekor qilindi.
112' – Aleksis Mak Allister qo'polligi uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
106' – GO-O-O-O-OL! Ispaniya hisobni ochmoqda! O'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to'pni Niko Uilyams boshi bilan markazga uzatdi, Feran Torres esa kuchli zarba bilan to'pni darvoza to'riga joylab qo'ydi – 1:0!
106' – Hakam xushtagi chalindi – ikkinchi qo'shimcha bo'lim boshlandi.
105+3' – Hakamning hushtagi chalindi – birinchi qo'shimcha bo'lim o'z nihoyasiga etdi. Jamoalar qisqa tanaffusga yo'l olishmoqda, hisob hamon o'zgarmagan – 0:0.
105+1' – Birinchi qo'shimcha bo'limga – 3 daqiqa qo'shib berildi.
105' – Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
103' – Niko Uilyams chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga to'pni uzatdi. Mikel Merinoning boshi bilan yo'llagan zarbasi darvoza ustuni yonidan o'tib ketdi.
102' – Argentina tarkibida o'zgarish: Markos Senesi o'rniga Xulian Alvares maydonga tushdi.
99' – Ispaniya tarkibida qo'shaloq almashtirish: Emerik Lyaport o'rniga Erik Garsiya, Rodri o'rniga Martin Subimendi o'yinga qo'shildi.
96' – Gol... ammo hisobga olinmadi! Niko Uilyams Argentina darvozasini ishg'ol qilgan edi, lekin hakam hujum jarayonida Mikel Merino Nikolas Otamendiga nisbatan fol ishlatgan deb topdi. Hisob o'zgarishsiz qolmoqda – 0:0.
93' – Xavfli vaziyat! Pedri jarima maydonchasi ichiga topni nafis uzatdi, Niko Uilyams darvozadan olti metrlar chamasi masofadan boshi bilan zarba yo'lladi! Emiliano Martinesdan navbatdagi seyv! Argentina posboni yana bir bor o'z jamoasini muqarrar goldan qutqarmoqda!
91' – Hakam xushtagi chalindi. Birinchi ekstra-taym boshlandi!
EKSTRA-TAYM
Ikkinchi bo'limda Ispaniya to'liq ustunlik qilgan bo'lsa-da, o'yin ekstra-taymlarga ulandi.
Argentina bor kuchi bilan himoyalanmoqda, ammo hujumda deyarli hech narsa ko'rsata olgani yo'q. Ispaniya to'p nazoratini o'z qo'lida ushlab, bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi – faqat Emiliano Martinesning ishonchli o'yinigina Argentinani qutqarib qolmoqda.
Enco Fernandesning maydondan chetlatilishi esa "Albiseleste" ahvolini yanada og'irlashtirdi. Ular qolgan vaqtda ham Ispaniya bosimiga dosh bera olisharmikin?
90+9' – Uchrashuvning asosiy vaqti yakunlandi. Hisob ochilmadi – 0:0!
Oldinda bizni ikkita 15 daqiqalik ekstra-taymlar kutmoqda! Argentina maydonda bir kishi kam bo'lib kurashni davom ettiradi.
90+8' – Lamin Yamaldan xavfli jarima zarbasi! Ammo Argentina darvozaboni Emiliano Martinesdan navbatdagi superseyv! Top-darajadagi seyv jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi!
90+3' – Enco Fernandes Pau Kubarsiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam ikkinchi sariq kartochkani va ortidan qizil kartochkani ko'rsatdi!
Enco Fernandes maydondan chetlatildi! Argentina so'nggi soniyalarda bir kishi kam bo'lib qolmoqda!

90' – Ikkinchi bo'limning asosiy vaqtiga bosh hakam tomonidan 4 daqiqa qo'shib berildi.
89' – Rodri darvozadan 25 metr uzoqlikda bo'sh hududga chiqib bordi. U hech ikkilanmay kuchli va shiddatli zarba yo'lladi, ammo to'p darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi.
87' – Ferran Torres jarima maydoni ichida juda qulay imkoniyatga ega bo'ldi, lekin zarba noaniq ketdi.
82. Enco Fernandes hakamga etiroz bildirgani uchun ogohlantirildi.
81' – Emerik Lyaportdan navbatdagi xavfli hamla!
Ispaniyaliklarning qanot uzatmasidan so'ng, Lyaport raqib jarima maydoni ichida hammadan ustun kelib, bosh bilan zarba berdi. Lekin bu zarbaga etarlicha kuch yetmadi – to'p to'g'ri Emiliano Martinesning qo'llariga borib tushdi.
77' – Pau Kubarsidan dahshatli zarba!
Ispaniyaning yosh himoyachisi olisdan kuchli va aniq zarba yo'lladi. Emiliano Martines katta qiyinchilik bilan, jon-jahdi bilan sakrab to'pni qaytarib yubordi va jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi!
Ispaniya bosimni maksimal darajaga chiqarmoqda!
75' – Ispaniya tarkibida navbatdagi qo'shaloq almashtirish!
Aleks Baena o'z o'rnini tezkor va xavfli Niko Uilyamsga bo'shatib berdi. Shuningdek, maydonda juda faol harakat qilgan Dani Olmo o'rnini markazni mustahkamlash va yakkakurashlarda yordam berish uchun Mikel Merino egalladi!
Luis de la Fuente so'nggi daqiqalar oldidan hujum qanotini yanada kuchaytirmoqda!
70' – Skalonidan yana bir qo'shaloq almashtirish!
Argentina terma jamoasida Kristian Romero maydonni tark etmoqda, uning o'rniga himoya chizig'iga Fakundo Medina tushdi. Shuningdek, maydonda ulkan hajmdagi ishni bajargan Rodrigo De Paul o'zining o'rnini Juliano Simeonega bo'shatib berdi!
Argentina murabbiylar shtabi charchagan futbolchilarni yangilab, tempni ushlab turishga harakat qilmoqda!
67' – Yana bir xavfli vaziyat, Ispaniya golga juda yaqin kelmoqda!
Lamin Yamal o'ng qanotdan jarima maydoni ichiga ajoyib uzatma oshirib berdi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Ferran Torres hammadan baland sakrab, bosh bilan darvozani nishonga oldi, biroq to'p to'g'ri Emiliano Martinesning qo'llariga borib tushdi!
Ispaniya bosimni to'xtatmayapti, Argentina esa xavfli hamlalarni qaytarish bilan ovora!
64' – Ispaniyadan navbatdagi xavfli hamla!
Dani Olmoning kuchli zarbasidan so'ng Emiliano Martines to'pni ushlab olishda xatolikka yo'l qo'ydi – to'p uning qo'llaridan chiqib kyetib, maydonni tark etdi!
Argentina darvozaboni uchun juda qaltis vaziyat, lekin omad bu safar uning tomonida bo'ldi. Ispaniya burchak to'piga ega bo'lmoqda!
62' – Luis de la Fuentedan birdaniga qo'shaloq o'zgarish!
Ispaniya terma jamoasi safida Mikel Oyarsabal o'zining o'rnini Ferran Torresga bo'shatib berdi. Markaziy chiziqda esa Fabian Ruis maydonni tark etdi va uning o'rniga o'yin tempini nazorat qilish va maydonni yaxshiroq ko'rish mahoratiga ega bo'lgan Pedri o'yinga qo'shildi!
Ispaniya hujum chizig'ini ham, maydon markazini ham yangilab, bosimni yanada oshirishni maqsad qilmoqda!
58' – Argentina tarkibida navbatdagi almashtirish!
Gonsalo Montiel maydonni tark etmoqda, uning o'rniga o'ng qanot himoyasini yangilash va to'xtatish qiyin bo'layotgan Ispaniya hujumlariga qarshi Nauel Molina o'yinga tushmoqda.
Skaloni maydondagi bosimni engillashtirish uchun yangi kuchlarni tashlashda davom etmoqda!
56' – Dani Olmo o'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga yorib kirib, markazga ajoyib uzatma berdi. Gonsalo Montiel esa juda qiyin vaziyatda Mark Kukurelya tomon borayotgan to'pni maydon tashqarisiga tepib yubordi!
52' – Maydonga tushganiga hali ko'p bo'lmagan Leandro Paredes keraksiz vaziyatda keskin harakat qilgani uchun sariq kartochka oldi.
Argentinalik yarim himoyachi o'yinga juda ehtirosli kirishib ketdi shekilli – hakam uni darhol ogohlantirishga majbur bo'ldi.
46' – Ispaniya ikkinchi bo'limni juda faol boshladi!
Aleks Baena uzoq masofadan darvoza tomon kuchli zarba yo'lladi. Zarba juda aniq va xavfli chiqdi, ammo Emiliano Martines o'z o'rnida – posbon pastlab kelayotgan to'pni egallab olishda ishonchli harakat qildi. Ispaniyaliklardan ilk xavfli hamla!
46' – Ikkinchi bo'lim oldidan Argentina terma jamoasi tarkibida navbatdagi o'zgarish!
Nikolas Gonsales o'rniga maydonga Leandro Paredes tushmoqda. Lionel Skaloni yarim himoya markazini yanada mustahkamlash va to'p nazoratini o'z qo'liga olish maqsadida taktik rotaciyaga qo'l urdi.
Ikkinchi bo'lim boshlandi!
Bu Argentina terma jamoasi uchun 2026 yilgi Jahon chempionatida birinchi bo'lim golsiz yakunlangan atigi ikkinchi o'yin bo'ldi.
Bundan oldingi yagona holat Angliyaga qarshi yarim final o'yinida kuzatilgan edi – o'shanda ham birinchi bo'lim 0:0 hisobida tugab, yakunda argentinaliklar 2:1 hisobida g'alaba qozonishgan edi! Bu ko'rsatkich Argentina muxlislariga qo'shimcha ishonch bag'ishlashi tabiiy.
Shou o'z avjida! Sahnada yana bir musiqa qirolichasi – Shakira! U o'zining jahon chempionatlaridagi mashhur xit qo'shig'i "Dai Dai"ni ijro etmoqda!
Shakiraning maydonda paydo bo'lishi stadionni portlatdi – tribunalardan juda baland va hayqiriqli olqishlar sadolandi! Maydonda haqiqiy bayram kayfiyati!
Tanaffusdagi shou shiddati zarracha ham susaymayapti! Sahnada janubiy koreyalik yulduzlar BTS guruhi o'zlarining super ijrosi bilan tomoshabinlarni larzaga keltirishdi!
Ularning ortidan esa sahnaga Jastin Biber taklif qilindi! Eng qizig'i, uni sahnaga mashhur "Ted Lasso" obrazidagi aktyor Jeyson Sudeykis taklif etdi va odatdagidek o'zining mashhur "ruhlantiruvchi nutq"laridan birini tuhfa etdi! Jozibali va shov-shuvli shou davom etmoqda!
Butun dunyo nigohi e'tiborida turgan final o'yinining tanaffusida haqiqiy shou boshlanmoqda!
Pop-musiqa qirolichasi Madonna maydonga tushib keldi! Eng qizig'i, uni maydon markaziga futbol afsonalari – Ronaldo va Ronaldinyo hamrohlik qilib olib chiqishdi! Tomoshabinlar va stadion larzaga kelmoqda, bu shunchaki ajoyib!

Birinchi bo'lim yakunlandi! Hakamning xushtagi chalindi va jamoalar tanaffusga yo'l olishmoqda.
0:0 – Hisob ochilmadi, ammo maydondagi shiddat va kurash juda yuqori darajada bo'ldi. Har ikkala jamoada ham xavfli vaziyatlar, keskin paytlar va hatto erta majburiy almashtirishlar kuzatildi. Endi murabbiylar kichik tanaffusda o'z taktikalarini qayta ko'rib chiqishadi.
Biroz dam olamiz va ikkinchi bo'limda yana maydonga qaytamiz!
45' – Hakamlar tomonidan birinchi bo'limga 4 daqiqa vaqt qo'shib berildi!
Bu daqiqalar davomida har ikkala jamoa ham kichik tanaffus oldidan ustunlikni o'z tomoniga og'dirishga harakat qiladi. Shiddat yuqori darajada saqlanib turibdi!
44' – Majburiy almashtirish! Lisandro Martines jarohat olib, maydonni tark etmoqda. Uning o'rniga tajribali Nikolas Otamendi o'yinga qo'shildi!
Tajribali markaziy himoyachi Nikolas Otamendi uchun bu Argentina terma jamoasi libosidagi 139-o'yin bo'ladi! Martinesning o'zini fido qilib o'ynashi jamoaga qimmatga tushdi, ammo maydonga haqiqiy gvardiyachi va tajriba boyligi kirib kelmoqda.
43' – Mark Kukurelyadan xavfli zarba! Ispaniyaliklarning 24-raqamli himoyachisi hujumga faol qo'shilib, qulay vaziyatga chiqib bordi va pastlatib kuchli zarba yo'lladi. To'p darvoza ustunining yonginasidan o'tib ketdi! Juda xavfli lahza, ammo Emiliano Martines vaziyatni nazorat qilayotgan edi. Ispaniya bosimni oshirmoqda!
41' – SARIQ KARTOCHKA! Lisandro Martines hakam tomonidan ogohlantirildi! Argentinalik himoyachi raqibning xavfli hujumini, Mikel Oyarsabalni qo'pollik bilan to'xtatib qoldi. Hakam hech qanday ikkilanishsiz cho'ntagidan sariq kartochkani chiqardi. Bugungi finalda shiddat va asablar tobora sovuqqonlikni tark etmoqda!
39' – Ispaniya ketma-ket uzatmalar bilan raqib jarima maydoni atrofida nazoratni ushlab turdi. Mikel Oyarsabal qulay imkoniyatga chiqib borib, jarima maydoni chizig'i ustidan zarba yo'lladi, ammo to'p to'g'ri Emiliano Martinesning qo'liga borib tushdi.
Futbol tarixiga nazar tashlasak, Janubiy Amerika va Yevropa terma jamoalari o'rtasida o'tgan 11 ta Jahon chempionati finalining 8 tasida aynan KONMEBOL vakillari zafar quchishgan. Bugun Lionel Skaloni shogirdlari ushbu tarixiy ustunlikni davom ettirishga harakat qilishmoqda, Luis de la Fuente jamoasi esa Yevropa futboli mahoratini namoyish etish niyatida.
35' – Ispaniya terma jamoasining navbatdagi hujumi to'xtatildi. Mark Kukurelya qanotda faollik ko'rsatib oldinga intilgan edi, ammo hakam yordamchisi bayroqchasini ko'tardi – ofsayd. Argentina jarima to'pi bilan o'yinni qayta boshlaydi.
25' – Tanaffusdagi qisqa tahlil
Shiddatli va jismoniy kurashlarga boy bo'lgan dastlabki daqiqalardan so'ng, futbolchilar suv ichib, nafas rostlashmoqda. Bahsning ushbu bo'limida Ispaniya terma jamoasi ustunlikka ega bo'ldi – ular sovuqqonlik va aniq maqsad bilan to'pni o'zaro uzatib, o'yinni nazorat qilishdi. Biroq, ularning ushbu harakatlaridan hozircha faqatgina Lamin Yamalning xavfli vaziyatini eslash mumkin, xolos.
Argentina esa sekin-asta o'yin suratiga moslashib, kurashga kirishib bormoqda, ammo ular hujumda hali o'zlarining haqiqiy ritmlarini topa olganlari yo'q. Endi murabbiylarning ko'rsatmalari o'yinni qanday o'zgartirishini kutamiz!
24' – Slavko Vinchich bahsni vaqtincha to'xtatdi. Issiq ob-havo va yuqori suratdagi shiddatli kurashdan so'ng futbolchilar biroz nafas rostlab, suv ichib olishmoqda.
Luis de la Fuente va Lionel Skaloni fursatdan foydalanib, maydon chetida o'z shogirdlariga tezkor taktik ko'rsatmalarni berishga shoshilishyapti.
23' – Maydonda haqiqiy jang!
Uchrashuvning dastlabki qismi juda keskin va murosasiz kurashlarga boy o'tmoqda. Har ikki jamoa futbolchilari maydonning har bir qarichi uchun ayovsiz kurashga kirishishgan, jiddiy va kuchli to'qnashuvlar (podkatlar) ko'paydi. Mehmonlar ham, mezbonlar ham bo'sh kelish niyatida emas!
O'yin surati haqida gapiradigan bo'lsak, kutilganidek, Ispaniya terma jamoasi to'p nazoratini o'z qo'lida ushlab turibdi. Biroq Argentina ham jim qarab turgani yo'q – ular hujumda ancha faollashib, xavfliroq ko'rinish olishmoqda. Shunga qaramay, hozircha har ikki darvoza oldida chinakam golli vaziyatlar u qadar ko'p emas. Jamoalar ehtiyotkorlikni ham unutishmayapti!

17' – Montiel jarima to'pini raqib maydonchasiga juda xavfli tarzda uzatib berdi. Ichkariga yorib kirgan Niko Gonsales to'pni darvoza tomon burmoqchi bo'ldi, ammo bir barga o'zini tashlagan holda ham to'pga salgina eta olmay qoldi! Unai Simon vazyatni to'liq nazorat qilib turgandi.
Argentina sekin-asta o'yinga qaytmoqda va standart vaziyatlardan unumli foydalanishga harakat qilyapti!
12' – Ispaniya ustunlik qilmoqda
Uchrashuvning dastlabki 10 daqiqasida to'p nazorati to'liq Ispaniya tomonida bo'ldi. Ular o'yin tizginini o'z qo'llarida ushlab turishibdi. Tribunalarni to'ldirib o'tirgan Argentina terma jamoasi muxlislari esa o'z sevimlilarini ruhlantirish va oldinga undash uchun bor ovozlari bilan hayqirishmoqda!
5' – Darvozaga xavfli zarba!
Ispaniyadan ilk jiddiy xavf! Lamin Yamal raqib darvozasini nishonga oldi. Maydon markazidagi ajoyib va aniq kombinaciyadan so'ng, to'p Yamalning yo'liga etkazib berildi. Yosh yulduz to'pni Emiliano Martinesning yonidan o'tkazib, darvoza to'riga joylab qo'yishga urindi, biroq Argentina posboni mahorat ko'rsatib, xavfni bartaraf etdi! Stadion larzada!

1' – START! O'yin boshlandi!
Slavko Vinchich hushtagini chaldi – 2026 yilgi Jahon chempionatining final uchrashuviga start berildi! Argentinalik futbolchilar to'pni o'yinga kiritishdi. Butun dunyo diqqat bilan kuzatayotgan buyuk to'qnashuv boshlandi!
Tariflab bo'lmas manzara!
Ispaniyalik muxlislar bugun tribunada son jihatdan sezilarli darajada kamchilikni tashkil qilishayotgan bo'lsa-da, o'z davlat madhiyasi yangraganda stadionni baqirib larzaga keltira olishdi!
Argentinaliklar esa, o'z navbatida, madhiyalarini biz ulardan hamisha kutadigan va o'rganib qolgan o'sha cheksiz ehtiros, bor qalb va yurak bilan kuylashdi.
Start hushtagi berilishiga soniyalar qoldi!
Jamoalar maydonga tushib kelishmoqda!
Nihoyat, o'sha kutilgan lahza yetib keldi! Futbolchilar Jahon chempionati finalida to'p surish uchun yashil maydon sari odimlashmoqda.
Hozir ikki davlat madhiyalari yangraydi, so'ng esa haqiqiy jang boshlanadi!
Tom Kruz muxlislarga murojaat qildi
Gollivud superyulduzi bugungi chempionlik jangi oldidan tribunada yig'ilgan muxlislar uchun hayajonli nutq so'zladi va Jahon chempionatining butun dunyoni birlashtirishga qodir bo'lgan ulkan kuchini alohida etirof etdi.

Uilyams, Sherzinger va Pauzinidan ajoyib shou
Robbi Uilyams, Nikol Sherzinger va Laura Pauzini hozigina FIFAning rasmiy madhiyasi – "Desire" taronasini yuqori darajada ijro etib, tribunalarga haqiqiy bayram tuhfa qilishdi.
Muxlislar bu chiqishni juda iliq kutib olishdi, stadion hayqiriqlardan larzada!

Mana biz yetib kelgan nuqta va final oldidan qisqacha xronika:
Muxlislar final muhitidan zavqlanishmoqda!
Hozirgina tribunalar stadionning bir qadamligida dunyoga kelgan Frenk Sinatraning mashhur "My Way" taronasini jo'r bo'lib kuylashdi.
Ispaniya terma jamoasi sardori ushbu Jahon chempionatida o'zining eng yuqori sport formasida ekanini ko'rsatmoqda – buni uning hayratlanarli statistikasi ham isbotlab turibdi.
Rodri Shimoliy Amerikadagi turnirda 648 ta aniq uzatmani amalga oshirdi va bu ko'rsatkich bo'yicha Jahon chempionatlari tarixidagi mutlaq rekordni yangiladi. 30 yoshli yarim himoyachi Qatar-2022 musobaqasidagi o'z rekordini (638 ta aniq uzatma) yangilashga muvaffaq bo'ldi. Keyingi eng yaxshi natija ham Ispaniya terma jamoasi a'zosiga tegishli bo'lib, Xavi 2010 yilgi mundialda 599 ta aniq pas bergan edi. Joriy turnirda uzatmalar soni bo'yicha Rodriga eng yaqin kelayotgan taqibchilar ham uning jamoadoshlari – Pau Kubarsi (547) va Emerik Lyaport (533) bo'lib turibdi.

Lionel Messi va Argentina terma jamoasi Nyu-York Nyu-Jersi stadioni maydoniga yugurib chiqishi bilan tribunalar larzaga keldi! Ulkan shovqin! Xo'sh, "albiseleste" oradan 64 yil o'tib o'z unvonini muvaffaqiyatli himoya qila olgan ilk jamoaga aylana olarmikin?

Jamoalar o'yin oldidan so'nggi tayyorgarlik va chigalliyozdi mashqlarini bajarish uchun maydonga tushib kelishdi!
Dunyo futbolidagi eng yirik va muhim uchrashuv boshlanishiga taxminan 40 daqiqa vaqt qoldi.
Xayrli kech, qadrli futbol mahliyolari! Nihoyat, intizorlik bilan kutilgan, butun dunyo nigohi qadalgan Jahon chempionatining final uchrashuvi start olmoqda! Bugun yilning eng asosiy o'yinida bosh sovrin sohibi aniqlanadi.
Demak, stadionda ulug'vor muhit, jamoalar maydonda. Matnli translyatsiyamizni boshlaymiz va buyuk tarix guvohiga aylanamiz!



