Ispaniya terma jamoasi safida jahon chempioni bo'lgan Pedro 39 yoshida faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi

Sherzod Nurmatov
8 okt 2026, 13:35
Ispaniya terma jamoasi sobiq hujumchisi Pedro 39 yoshida futbolchilik faoliyatiga nuqta qo'ygani haqida ma'lumot berdi.

U o'z qarori haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.

"Hayotimda oldinga qadam tashlash va yangi bosqichni boshlash vaqti keldi deb his qilyapman. Men o'z orzumni amalga oshirganimdan hamda bu orzuni haqiqatga aylantirishda yonimda bo'lgan barcha insonlardan faxrlanib futbol bilan xayrlashmoqdaman. Meni shu qadar baxtli qilganing uchun tashakkur, futbol", – deb yozdi Pedro.

Turli yillarda Pedro "Barselona", "Chelsi" va "Roma" jamoalarida harakat qilgan. Vinger faoliyatidagi so'nggi jamoa "Lacio" bo'ldi. Rimliklar safida Pedro besh yil davomida to'p tepib, 209 ta uchrashuvda maydonga tushdi hamda 39 ta gol urdi va 19 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Pedro klublar miqyosida jami 794 ta o'yinda maydonga tushib, 197 ta gol urdi va 113 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Pedro futbol olamining barcha yetakchi musobaqalarida: Jahon chempionati, Yevropa chempionati, Chempionlar Ligasi, Yevropa ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o'rtasidagi jahon chempionatida bosh sovrinni qo'lga kiritgan yagona futbolchi hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ESPN