Germaniya terma jamoasi samolyoti avariyaviy qo'nishni amalga oshirdi

Sherzod Nurmatov
9 sen 2021, 19:24
Germaniya terma jamoasining samolyoti Shotlandiyaning Edinburg shahriga favqulodda qo'ndi.

Bu voqea Germaniya futbol ittifoqi (DFB) tomonidan ma'lum qilindi. Ular bu voqeani yana bir chashka qahva ichish uchun bahona, deb hazil qilishdi.

Kecha Germaniya terma jamoasi 2022 yilgi jahon chempionati saralashi doirasida Islandiyani 4:0 hisobida mag'lub etdi va tunda Germaniya sari yo'l oldi. Biroq shoshilinch ravishda Edinburgga qo'nishga majbur bo'ldi.

BILD ma'lumotlariga ko'ra, reys 7700 avariya signalini uzatdi. DFB esa samolyot qo'nganiga sabab sifatida xavfsizlik profilaktik tekshiruvi o'tkazilganini keltirdi.

"Hamma (jamoa a'zolari – tahririyat) tartibli va sabrli ravishda aviaciya xodimlarining o'z ishlarini xotirjam va professional tarzda bajarishini kutishmoqda. Keling, yana bir chashka qahva ichamiz", – deya hazil bilan javob berdi Germaniya futbol ittifoqi matbuot xizmati.

Keyinchalik DFB Edinburgga zaxira reysi kelganini xabar qildi – va jamoa Frankfurtga, keyin Myunxenga jo'nab ketishini aytdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Sun