Futbol bo'yicha JCH-2014 teletranslyatsiyasi jahon bo'ylab rekordlar o'rnatmoqda

Narzulla Saydullayev
21 iyun 2014, 16:00
Braziliyada davom etayotgan futbol bo'yicha JCH-2014 uchrashuvlari jahon bo'ylab rekord darajada ko'p teletomoshabinlarni to'plamoqda.
Bu haqda, FIFAning televizion direktori Niklas Eriksonga asoslanib, ITAR-TASS xabar bermoqda.

Uning so'zlariga ko'ra, Yaponiya va Kot-d’Ivuar terma jamoalari o'rtasidagi o'yin televidenie orqali namoyish etilgan 1-tur uchrashuvlari orasida eng ko'p tomoshabin to'plagan o'yinlardan biri bo'lgan.

Mahalliy vaqt bilan tongga 10:00da Yaponiyadagi 34,1 million teletomoshabin o'z milliy terma jamoasi mag'lubiyatini kuzatib borgan.

Braziliya terma jamoasi Xorvatiya ustidan 3:1 hisobida g'alaba qozongan JCH-2014ning ochilishi o'yinini esa Braziliyadagi Globo telekanali orqali 42,9 million tomoshabin tomosha qilgan.

AQSH va Gana terma jamoalari o'rtasidagi bahsni (2:1) 11,1 million nafar AQSH fuqarosi kuzatib borgan bo'lib, bu ushbu uchrashuvni jonli efirda uzatgan ESPN telekanali uchun rekord ko'rsatkich hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston JCH-2014 uchrashuvlari O'zMTRKning Sport, Yoshlar va UzHD telekanallari orqali translyatsiya qilinmoqda. Musobaqani O'zbekistonda qancha tomoshabin O'zMTRK orqali kuzatayotgani to'g'risida ma'lumotlar yo'q.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz