Florentino Peres Valverde va Tchuameni o'rtasidagi mushtlashuv haqida gapirdi

Aslanov Jasurbek
12 may 2026, 22:30
"Real" prezidenti Florentino Peres Federiko Valverde va Orelen Tchuameni o'rtasida sodir bo'lgan mushtlashuvga munosabat bildirdi.

Avvalroq, futbolchilar o'tgan payshanba kungi mashg'ulot vaqtida mushtlashib ketishgani, natijada urugvaylik futbolchi shifoxonaga yuborilib, unga chok qo'yilgani haqida xabar berilgandi. Jamoadoshlar o'rtasidagi nizo chorshanba kunidan boshlangan. Klub har ikki futbolchini 500 ming evrodan jarimaga tortdi.

"Menimcha, bu dahshatli holat, lekin buning ommalashib ketgani undan ham yomonroq. Men bu yerda 26 yildan beri ishlayotgan bo'lsam, ikki yoki to'rt nafar futbolchi mushtlashmagan biror yil bo'lmagan. Ammo buning ommaga oshkor bo'lishini juda yomon deb hisoblayman.

Men bu yerda bo'lgan vaqtimda ular har yili janjallashib turishardi. Yoshlar o'rtasida bunday holatlar bo'lib turadi: sen urding, senga javoban urishdi, keyin esa yana do'st bo'lib ketaverasiz.

Men uchun ma'lumotlarning sizib chiqishi yomonroq, chunki bu shunchaki janjaldan ko'ra chuqurroq nimadir borligini anglatadi. Agar bu oddiy janjal bo'lganida, ertasigayoq ular do'st bo'lib qolishgan va birga kofe ichgani borishgan bo'lardi.

Menimcha, klubdagi 26 yillik faoliyatim davomida birinchi marta bunday holatga duch kelyapman va bu meni xavotirga solyapti", – dedi Peres.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As