Asror Aliqulov: "O'tkazib yuborilgan har ikki gol tasodifga o'xshadi"

Administrator
5 avg 2026, 23:41
Proliga 13-turidan o'rin olgan "BuxDU" – "Sho'rtan" (2:4) uchrashuvidan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv kurashlarga boy kechdi. Har ikki jamoa bir-biriga bosim uyushtirishga urindi. G'alaba nihoyatda zarur edi, shu bois hushyorlikni yo'qotmaslikka va raqib himoyachilari bilan darvozabonini chalg'itishga harakat qildik. O'ylaymanki, o'yin kurashlarga boy kechdi. 2:0 hisobida oldinga chiqib oldik, yana ikkita gol uzoqdan o'tkazib yubordik. Shu orqali ruhiy holatimizni tekshirib oldik. Hisob 2:2 payti ham o'zimizni yo'qotib qo'ymadik va yana ikkita gol urib g'alabani ilib ketdik. Chiroyli yutuq bilan jamoamiz muxlislarini tabriklayman. Futbolchilarimizning bugungi mehnati va oxirigacha kurashishgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

- Negadir jamoangiz gol urib olganidan so'ng himoyada bo'sh harakat qilib, gol o'tkazib yuboryapti. Bu holat bir nechta turdan beri kuzatilyapti. Bu borada ish olib borilyaptimi? Qanday fikrdasiz?
- Bu holat ko'pincha futbolchilarning individual xatolari bilan bog'liq. Ko'pincha gol urib olganimizdan keyin bo'shashish yuzaga kelyapti va raqiblar qarshi hujumdan foydalanyapti. Bugun o'tkazilgan gollarga kelsak, bunday gollar doim ham uchramaydi. Jarima to'pi belgilangan vaziyatda darvozabonimiz nima qildi hayronman. Har ikki gol uzoqdan kiritildi. Bu tasodifga o'xshadi. 30-35 metrlardan gol qo'yib yubordik. Raqib safida yosh futbolchilarni ko'rdik, ular oxirigacha kurash olib borishdi. Raqib bosimsiz harakat qilib, hatto hisobni tenglashtirdi.

- Nima uchun ko'pincha standart vaziyatlardan gol o'tkazib yuborilyapti?
- Standart vaziyat juda kichik lahzada sodir bo'ladigan holat. Biz o'yinchilarga gapiryapmiz, qanday himoyalanish kerakligini o'rgatyapmiz. O'yinga qarab turlicha himoyalanamiz. Ishlaydigan jihatlarimiz hali ko'p deb o'ylayman.

- Hisob tenglashgach, negadir futbolchilarning kayfiyati tushib ketgandek bo'ldi. Yoki qandaydir bosim bormi?
- Buni bosim demagan bo'lardim, rahbariyat tomonidan yuqori talab qo'yilgani bilan izohlasa bo'ladi. Yuqori talab qo'yilgani uchun doim yutishni xohlaymiz va futbolchilar yutqazishdan qo'rqib qolishadi. Lekin biz murabbiylar o'yinchilarga bosim o'tkazmaslikka harakat qilamiz. Agar bosim qilsak, o'yindan oldin ular ruhan cho'kib qoladi. Bazi o'yinlarda futbolchilar jamoadan ko'ra o'zlarini o'ylab qolishyapti. Buni juda yaxshi sezib turibmiz. Bunday o'yinchilar bilan ham ish olib boramiz.

- Keyingi turdagi raqiblarga qarshi o'yin haqida?
- O'z o'yinimizni ko'rsatishga va chiroyli natija qayd etishga harakat qilamiz. 30 yosh atrofidagi futbolchiga qanday o'ynash kerakligi haqida ko'p gapirish shart emas. Ularda tajriba etarli, biz faqat kerakli taktik ko'rsatmalarni beramiz. Yoshlar bilan esa doim ishlashga to'g'ri kelyapti. Xatolar kam bo'lsa bizga ham ishlash oson bo'ladi. "Olimpik Mobiuz" va "Kattaqo'rg'on"ga qarshi bizni og'ir bahslar kutmoqda.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia