"Eyr Fors" Iroq futbol assotsiatsiyasini aybladi: klub a'zolari O'zbekistonga guruhlarga bo'lingan holda keladi

Оқил Абдубарноев
12 sen 2026, 22:00
Iroqning "Al-Quva Al-Javiya" ("Eyr Fors") futbol klubi mamlakat futbol assotsiatsiyasi va musobaqalarni o'tkazish qo'mitasining qaroridan norozi bo'lib, rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Bayonotda klubning O'zbekistonga bo'lajak safari oldidan jiddiy tashkiliy muammolar yuzaga kelgani ma'lum qilingan.

Klub rahbariyatining takidlashicha, jamoaning O'zbekistonga parvoz qilishi uchun juma va shanba kunlari aviachiptalar mavjud emas, faqat payshanba yoki Osiyo Chempionlar Ligasi o'yini bo'lib o'tadigan kungagina chipta topish mumkin bo'lgan. Shunga qaramay, Iroq futbol assotsiatsiyasi mahalliy chempionat doirasidagi "Al-Zavra"ga qarshi uchrashuvni jamoaning O'zbekistonga uchib ketishi kerak bo'lgan kunga belgilagan va uni qoldirishdan bosh tortgan.

"Al-Quva Al-Javiya" mutasaddilari ushbu qaror jamoani yo ichki chempionat bahsidan, yoki Elit Osiyo Chempionlar Ligasi uchrashuvidan voz kechish tanlovi qarshisida qoldirayotganini bildirgan. Mahalliy liga bahsini boshqa sanaga ko'chirish bo'yicha so'rovlar qanoatlantirilmagach, klub majburiy chora qo'llashga qaror qilgan.

Klub bergan so'nggi ma'lumotga ko'ra, assotsiatsiya tomonidan hech qanday yordam ko'rsatilmagani sababli "Al-Quva Al-Javiya" delegaciyasi O'zbekistonga yagona tarkibda emas, balki guruhlarga bo'lingan holda, har kuni alohida parvozlar orqali yetib keladi. Bu holat futbolchilarning O'zbekistonda to'liq tarkib bilan birorta ham mashg'ulot o'tkaza olmasligiga olib kelishi alohida qayd etilgan. Klub rahbariyati mahalliy federatsiyaning bunday tutgan yo'lini rejalashtirishdagi jiddiy xato deb baholadi.

Eslatib o'tamiz, "Eyr Fors" 14 sentyabr kuni Farg'onada "Neftchi"ga qarshi o'yin o'tkazadi. Uchrashuv 18:45 ga belgilangan.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Эйр Форс" матбуот хизмати