

AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o'tkazilgan va tarixda ilk bor O'zbekiston ishtirok etgan mundial ham allaqachon o'z yakuniga etdi. Biroq terma jamoamizning mundialdagi ishtiroki natija jihatidan muvaffaqiyatli bo'lmadi. Uchta o'yin va uchta mag'lubiyat. Tarkibdagi ko'plab rotaciya tufayli o'zbek futboli hamjamiyatining asosiy qismi italiyalik "Ballon D’or" sohibini muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi deya ko'rsatmoqda.
Jahon chempionati yakunlanganiga bir haftadan biroz ko'proq vaqt o'tgan bo'lsa, MTJ uchun mundial bir oy avval Kongoga qarshi bahs bilan yakunlanib bo'lgandi. Guruh bosqichi o'z yakuniga etganidan so'ng terma jamoamiz a'zolari Toshkentga qaytishdi va tantanali tarzda kutib olindi. Toshkentga faqatgina murabbiylar shtabi va Fabio Kannavaro qaytmaganidan xabaringiz bor. Terma jamoa bosh murabbiyi Toshkentga kelmasligi ma'lum bo'lganining o'zi ham muxlislarning ko'plab noroziliklariga sabab bo'ldi. 14-iyul kuni OAV vakillari uchun tashkil etilgan hakamlik bo'yicha seminardan so'ng O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov OAV vakillarining savollariga javob berar ekan, Kannavaro iyul oyining oxirlarida O'zbekistonga kelishi va yaqinlashib kelayotgan Osiyo Kubogiga selekciya ishlarini olib borishini ta'kidlab o'tdi. Shundan so'ng esa jurnalistlar ham Kannavaro O'zbekistonga qaytganidan so'ng O'FA tomonidan Jahon chempionatidagi ishtirok bo'yicha matbuot anjumani tashkil etilar ekan, deya yoza boshladi. Bugun esa 29 iyul, iyul oyi tugashiga esa ikki kun qoldi. Fabio Kannavaro hali Toshkentga kelgani yo'q. Kannavaro Toshkentga keladimi? Ermatovning so'zlari qanchalik to'g'ri?

Kecha "Neftchi" va "Navbahor" o'rtasida bo'lib o'tgan "derbi"ni murabbiylar shtabi a'zosi Franchesko Troice stadiondan turib kuzatdi, ammo bosh murabbiydan esa hali hamon darak yo'q. To'rt yillikning eng yirik musobaqasidan so'ng jami 48ta ishtirok etgan terma jamoalarning 15tasi bosh murabbiyi ishdan bo'shatildi. Qitadoshlarimiz Janubiy Koreya terma jamoasi ustozi mundialdagi qoniqarsiz natijadan so'ng o'ta jiddiy tanqidga uchragani ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokama va bahslarga sabab bo'ldi. Shuningdek, Iroq va Iordaniya terma jamoalari ham o'z bosh murabbiylarini iste'foga chiqarishdi. O'zbekistonda mundialdagi ishtirokdan so'ng bosh murabbiyi qachon mamlakatga qaytib kelishi noaniq…




