Bilolxon Toshmirzaev: "Alisher Shog'ulomov "Barselona" uslubida o'ynashni yoqtiradi"

Aslanov Jasurbek
28 okt 2020
PRO-Liga 14-turidan o'rin olgan "Neftchi"-"Turon" (1:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar yarim himoyachisi Bilolxon Toshmirzaev o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Bilolxon, bugungi o'yin haqida nimalarni ayta olasiz?

- Ochig'i so'ngi daqiqalarda gol o'tkazib yubormaganimizda bugun 3 ochko egasiga aylanardik. Hammasi yaxshi ketayotgandi, oxirgi 10 daqiqalikda bizga konsentratsiya etishmadi. Bugun g'alaba uchun juda yaqin edik, raqibimizning 90-daqiqada kiritgan goli bizni g'alabadan mahrum qildi.

- O'tgan mavsumda Toshkentning "Oq-tepa" klubida muntazam asosiy tarkibda maydonga tushardingiz. "Turon" safida zahirada qolib ketyapsiz. Bunga nima sabab deb o'ylaysiz?

- Joriy yilgi mavsumda "Turon" safida asosiy tarkibda ham maydonga tushdim. Bazi o'yinlarda zahiradan tushayapman. Islombek Ismoilov bizni o'yinlarga yaxshi tayyorlamoqda deb o'ylayman.

- "Oq-tepa" va "Turon" jamoalari o'rtasida qanday farq bor?

- "Oq-tepa" klubi Superligaga futbolchi etkazib berishda yetakchi jamoalardan hisoblanadi. Jamoa boshlig'i Alisher Shog'ulomov "Barselona" uslubidagi futbolni yoqtiradi. "Turon"ning vazifasi va maqsadi Superligaga qaratilgan. Har bir murabbiyning o'z uslubi bor. Lozim topishgan payti meni maydonga tushirishmoqda.

Bekzod Tolibov yozib oldi


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia