

O'zbekiston terma jamoasi va "Surxon" klubi himoyachi Behruz Karimov 12 aprel kuni Superliganing 7-turidan o'rin olgan "Navbahor"ga qarshi bahsda o'ng oyoq beshinchi panja (plyusnevoy) suyagini sindirib oldi. "G'azalkent" klubi futbolchining operaciyasini to'liq qoplab berdi va uning tiklanishini klub shifokori Dilshod Ashirov nazorat qilib bormoqda. Biz shifokordan Karimovning bugungi holati haqida so'radik.
"Reabilitaciya jarayoni rejaga muvofiq ketmoqda. Tiklanish bosqichining o'rtasiga yetib keldik. 7 may kuni singan suyakning shtift bilan birlashtirilgan sohasida suyak bitishini (konsolidaciyasini) tekshirish uchun nazorat tekshiruvi rejalashtirilgan. Ushbu tekshiruvdan keyin ko'p narsaga oydinlik kiritiladi", - dedi Dilshod Ashirov Behruz Karimovning holati haqida.

24 aprel kuni "Neftchi" himoyachisi Ibrohimhalil Yo'ldoshev "Xorazm" bilan bahsning oxirgi daqiqalarida oyog'ini jarohatlab oldi va uni stadiondan to'g'ri shifoxonaga olib ketishdi. Ma'lum bo'lishicha, Yo'ldoshev may oyining boshidan buyon Dilshod Ashirov bilan tiklanish jarayonini o'tkazmoqda.
"Ibrohimhalil Yo'ldoshev to'piq qismidan jarohat olgan bo'lib, uning boylamlariga engil shikast etgan. Hozirgi vaqtda u bizning nazoratimiz ostida reabilitaciya jarayonini o'tamoqda va yaqin bir necha kun ichidaa umumiy guruhdagi to'liq mashg'ulotlarga qaytishi kutilmoqda", - dedi Ashirov "Neftchi" himoyachisi Ibrohimhalil Yo'ldoshev bo'yicha.

"Lokomotiv" klubida ijarada o'ynayotgan Lazizbek Mirzaev 2 aprel kuni "Bunyodkor" bilan bahsda jarohat olgan va maydonga tusha olmayotgan edi. U ham aynan Ashirov qo'l ostida jarohatini davoladi va yana "temiryo'lchilar" ixtiyoriga borib qo'shildi.
"Lokomotiv" yarim himoyachisi Lazizbek Mirzaev rasmiy o'yin vaqtida to'piq bo'g'imining kompression shikastlanishini (qisilishini) orttirib olgan edi. Tashxisga aniqlik kiritish maqsadida to'liq tibbiy ko'rik o'tkazildi. Reabilitaciya kursi to'liq hajmda amalga oshirilib, o'z ichiga fizioterapiya, farmakologik qo'llab-quvvatlash, biologik faol qo'shimchalarni (BFQ) qabul qilish, antigravitacion trenajyorda meyorlangan mashg'ulotlar, sport zalidagi mashqlar hamda maydondagi mashg'ulotlarni oldi. Hozirda sportchi "Lokomotiv"ga qaytdi v umumiy guruhda mashg'ulot o'tamoqda", - dedi "G'azalkent" klubi shifokori Lazizbek Mirzaev haqida.




