"Bavariya" yetakchilarsiz ham toplar qarshiligini sezmayapti, "Barsa" "klasiko"dan keyin o'ziga kelib ulgurdi, "Arsenal" raqobatchilardan qochishni uddaladi

Omonjon To`xtamirzayev
3 noya 2025
Omonjon To'xtamirzaev evrofutbolda ortda qolgan hafta qanday o'tganligi haqida batafsil ma'lumot beradi.

Spalletti - "Yuve"da debyut o'yinida zafar quchdi. "Real", "Barsa" va "Atletiko" ishonchli g'alabalarni tantana qilishdi. APL top klublari vaziyatni o'nglamoqda, Fransiyada esa jiddiy kurash kechmoqda.

Yevropada navbatdagi tur o'yinlari qanday o'tdi? Grandlarning kutilmaganda autsayderlarga imkoniyatni boy berishi, eng yaxshi forvardlarning gollari va boshqachalar. Barchasi haqida batafsil to'xtalib o'tamiz.


Angliya: "Arsenal" navbatdagi g'alabani qo'lga kiritdi, "Tottenxem"ga nimadir bo'ldi, Xoland "quturdi"

Turning ilk o'yinida "Brayton" o'z uyida "Lids"ni yirik hisobda (3:0) taslim qilgan bo'lsa, "Nyukasl" kutilmaganda "cho'kayotgan" "Vest Xem"ga yutqazib qo'ydi (1:3).

1 noya 2025, 20:00
Burnley — Arsenal
0 – 2
Tugadi

Navbatdagi g'alabani qo'lga kiritgan "Arsenal" esa endi chinakamiga top jamoa sifatida chempionlik uchun oxirigacha kurasha oladigandek tasavvur uyg'otmoqda: "Byornli"ga o'yin bo'yicha umuman imkon qoldirilmadi (hisobni yirik ko'rinishga keltirish ham hech gap emasdi), aytgancha yana standart vaziyatdan keyin gol urildi (sakkizinchi gol) va barcha musobaqalarni inobatga olganda ettinchi quruq g'alaba (klub rekordi takrorlandi). Londonliklar bundan tashqari uzoq masofadan to'p tashlashlarni qanday jazolashni ham ko'rsatib berishdi: Uoker chap qanotdan to'pni o'yinga kiritib berdi va o'z zonasiga ulgurmadi, natijada mezbonlar samarali qarshi hujumni uyushtira olishdi.

1 noya 2025, 20:00
Fulham — Wolverhampton Wanderers
3 – 0
Tugadi

"Vulverxempton"da murabbiy haydaldi: Vitor Pereyra o'ziga yangi jamoa qidiradi. Klub safarda "Fulxem"ga qarshi hech nima qila olmadi va 36-daqiqadan boshlab bir kishi kam bo'lib harakat qildi. Endi yangi murabbiy bilan yuzaga kelgan o'ta qiyin vaziyatdan chiqishga urinishadi.

"Qizil iblislar" muxlislari bo'shashishga shoshilmasalar ham bo'ladi. "Arsenal" bilan parallel o'yinning ma'lum vaqtiga kelib, MYU onlayn jadvalda ikkinchi o'ringa chiqib olgandi, ammo... Burchak zarbasidan urilgan golga "Forrest" ikki daqiqadagi 2 ta gol bilan javob berishdi. Mehmonlar o'yin oxirida muvozanatni tiklashni uddalashdi va hatto g'alabani ilib ketishi mumkin edi, biroq Murillo qahramonlarcha to'pni chiziq ustidan olib chiqishni uddaladi.

1 noya 2025, 20:00
Nottingham Forest — Manchester United
2 – 2
Tugadi

Tomas Frank mo'jizasi tez o'tib ketgandek. "Tottenxem" o'z uyida juda kuchsiz o'yin o'tkazdi, butun bahs davomida bor yo'g'i uch bor raqib darvozasiga zarba bera oldi. "Chelsi" esa 15 (!) bor zarba yo'lladi. Mezbonlar muammolari ilk daqiqalardan boshlandi deyish mumkin: Bergvall jarohat sabab 5-daqiqadayoq zaxiraga olindi. Uyog'iga ham Frank shogirdlari rejalari ish bermadi. 

"Liverpul" ham TOP-3dagi o'rnini saqlab qola oldi. Unai Emeri shogirdlari "qizillar"ga qarshi o'yinda omadi chopmadi. Hattoki Muhammad Saloh ham gol urishni uddaladi. Bu misrlik uchun 250-to'p sifatida tarixga muhrlandi. Mamardashvili ham bu safar o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qola oldi.  

2 noya 2025, 01:00
Liverpool — Aston Villa
2 – 0
Tugadi

"Manchester Siti" uchun omadli kunlar boshlangandek. Xoland APLda 13 ta gol urib ulgurdi. Aslida birinchi bo'lim murosasiz kurashni vada qilayotgandi, biroq 60-daqiqada O’Rayli gol urgach, intriga batamom o'ldi. Xosep Gvardiola ustunlikka erishgach, to'pni nazorat qilish orqali o'yinni o'ldirish borasida ustasi farangligini yana isbotladi.

2 noya 2025, 21:30
Manchester City — AFC Bournemouth
3 – 1
Tugadi


Ispaniya: Yamal uyg'onmoqda, Vinisius Mbappe xet-trigini "dabdala" qildi, "Atletiko"dan yirik g'alaba

Mavsumni ancha yaxshi boshlagan "Espanol" "Alaves"ga yutqazib qo'ydi (1:2) va TOP-4ga bir qadam qolganida qoqildi. "Betis" o'z uyida Antonining dubli evaziga "Malorka"ga imkon qoldirmadi (3:0). "Vilyarreal" "Rayo Valekano"ga umuman imkon qoldirmadi (4:0) va vaqtincha La Liga 2-o'riniga ko'tarilishga ham ulgurdi. Tur yakunida esa uchinchi pog'onasini saqlab qoldi.

Grizmann La Ligadagi 200-golini rasmiylashtirdi. Bunday natija bilan yana 10 nafar futbolchigina maqtana oladi, ulardan faqat 5 nafari – xorijliklar. Mavsum startida Diego Simeoneni tanqid qilganlar, bugunga kelib jamoaning o'yini ham, natijalar ham ancha ijobiy ko'rinish olgan.

1 noya 2025, 20:15
Atlético Madrid — Sevilla
3 – 0
Tugadi

Bask derbisi ham ancha qiziqarli o'tdi. "Real Sosedad" qo'shib berilgan daqiqalarda g'alaba golini urib ketdi. Rossiyalik futbolchi Arsen Zaxaryan zaxiradan o'yinga qo'shilib, ehtimoliy g'alaba golini urishga muvaffaq bo'lgandi, biroq hakamlar uning sherigida o'yindan tashqari holatni qayd etib, golni bekor qilishdi. Ammo bu ham Arsen uchun eng yomoni emasdi, 82-daqiqada futbolchi jarohat tufayli zaxiraga olindi. Matbuot anjumanida "Sosedad" bosh murabbiyi barchasi joyidaligini ma'lum qildi: Zaxaryan vaziyati jiddiylashib ketmasligi uchun ham alishtirilganini aytib o'tdi. 

Mbappe ajoyib sport formasida va hamon uni to'xtatadigan himoya chizig'i topilmayapti. Fransiyalik birinchi bo'limdayoq dublni rasmiylashtirdi va xet-trik ham bo'lishi mumkin edi, ammo hakam penalti belgilaganida u to'pni Vinisiusga qoldirdi, braziliyalik esa bu imkoniyatdan unumli foydalana olmadi. Qolgan daqiqalarda madridliklar yana ikkita gol urishni uddalashdi - Bellingem va Fernandes nomini tabloga yozdirib qo'ydi.  

2 noya 2025, 01:00
Real Madrid — Valencia
4 – 0
Tugadi

"Real"ga qarshi bahsda "ketmoni uchmagan" Yamal "Elche" darvozasini ishg'ol qilishni uddaladi. Mavsumning 11 o'yinida yosh, iqtidor 4+7 ko'rsatkich qayd etmoqda. U "Barsa" safida La Liga doirasida 17 ta gol urib ulgurdi – TOP-5 ligalarni oladigan bo'lsak, XXI asrda faqatgina bir futbolchi 19 yoshni qarshilagunga qadar undan ko'proq gol ura olgan – bu Kilian Mbappe (23). Aslini olganda bu bellashuv kataloniyalikning himoyadagi muammolarini yana bir bor ko'rsatib berdi. Hatto Xans-Diter Flik raqib bu o'yinni 6:2 hisobida yutib ketishi mumkin bo'lganini ta'kidladi. Murabbiy taxminiy hisobni oshirib yuborgan bo'lsa bordir, ammo muammoni u ham ko'rib, bilib turibdi.

2 noya 2025, 22:30
FC Barcelona — Elche
3 – 1
Tugadi


Italiya: Dibala qovun tushirdi, Spallettining Turindagi debyuti va qariya Vardidan yana bir gol

"Napoli" "Komo"ga qarshi o'yinda (0:0) durang qayd etdi. "Atalanta" A Seriya doirasida Ivan Yurich qo'l ostidagi ilk mag'lubiyatini qabul qilib oldi – Zanoloning goli evaziga "Udineze" zafar quchdi. "Fiorentina" yana yutqazdi va xavfli zonada tobora mustahkam o'rnashib olmoqda – Stefano Pioli jamoasi "Lechche"ga imkoniyatni boy berdi (1:0).

2 noya 2025, 00:45
Cremonese — Juventus
1 – 2
Tugadi

Luchano Spalletti "Yuventus"dagi birinchi o'yinidayoq hayron qoldira oldi: uch nafar himoyachi orasiga Kopmeynersni joylashtirdi murabbiy. Mutaxassis Tyon Niderlandiya terma jamoasi safida bu poziciyada o'ynaganini ta'kidladi, shunga qaramay biz uning yangi eksperimentlari tayyor turishimiz kerak ko'rinadi. Har holda Igor Tudor davridagina qiziqroq bo'lsa ajabmas. Bundan tashqari Jeymi Vardi A Seriyadagi ikkinchi golini urdi, lekin bu jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qolish uchun etarli bo'lmadi.

Darvozabonlar oqshomi... Menyan Dibala ijrosidagi penaltidan keyin to'pni qaytarishga muvaffaq bo'ldi, Svilar esa o'yin davomida bir necha bor jamoadoshlari joniga oro kirdi. Himoyachi Pavlovich hujumga qo'shilib, ikkinchi tempdan urgan gol yakunda yagona bo'lib qoldi. Maydondagilarni oladigan bo'lsak, Leauni alohida etirof etish kerakdek, u sheriklari uchun ham ko'plab vaziyatlarni yaratishda faol bo'ldi va o'zi "Milan"ning ikkinchi golini urishi mumkin edi.

3 noya 2025, 00:45
AC Milan — Roma
1 – 0
Tugadi

Kristian Kivu boshchligidagi "Inter" 10 o'yinda 9 ta g'alabani rasmiylashtirdi. Shunday bo'lsada, "Verona"ga qarshi o'yindagi 3 ochko ancha katta qiyinchilik bilan qo'lga kiritildi: g'alaba (avto)goli 90+3-daqiqada urildi. Zelinskining goli esa alohida tarifga loyiq. Kim biladi deysiz, balki u mavsumning eng chiroyli goli deb topilar. Burchak zarbasidan Chalxanoglu ijrosidagi plasserdan uzatmadan keyin Petr havodagi to'pni darvozaga aniq yo'lladi.

2 noya 2025, 16:30
Hellas Verona — Inter
1 – 2
Tugadi


Germaniya: "Bavariya" "Bayer"ni yirik hisobda mag'lub etdi, "Leyptsig" va "Dortmund"da ham g'alaba

Bundesliga yetakchilaridan bo'lgan "RB Leyptsig" va Dortmundning "Borussiya"si turni yo'qotishlarsiz o'tishdi: mos ravishda "Shtutgart" (3:1) va "Augsburg" (1:0) taslim etildi. Gladbaxning "Borussiya"si futbolchilariga jamoa xavfli zona ekanligini etkazishdi shekilli, uyg'onishdi – "Sankt-Pauli" yirik hisobda taslim etildi (4:0).

Yaqin o'tmishda ham "Bavariya"ning "Bayer"ga qarshi o'yinlari Der-Klassikerga tenglashtirilar, katta qiziqish bilan kutilardi. Hozir esa leverkuzenliklar o'z o'rniga qaytgandek va ortiq Myunxenliklarga raqobatchi sifatida ko'rilmayapti. Boshqa tomondan hozirgi "Bavariya" bilan kurasha oladigan jamoa butun Germaniyada bormikin? Mezbonlar birinchi bo'limning o'zida 3 ta gol urib, masalani hal qilib qo'yishdi. Nikolas Jekson nomini tabloga yozdirib qo'ydi, Keyn bu safar ham gol ura olmadi – qatorasiga ikkinchi o'yinda. Garri senga nima bo'lyapti?!


Fransiya: PSJ qiyin g'alabani qo'lga kiritdi, "Monako" mag'lubiyatga uchradi

"Marsel" Gomesning goli evaziga "Oser"ni (1:0) mag'lub etgan bo'lsa, "Brest" o'z uyida bir kishi kam bo'lib qolgan "Lion" darvozasiga yo'l topa olmadi (0:0), "Renn" "Strasburg"ni yirik hisobda taslim etdi (4:1), "Lans" esa "Loryan"ni yirik (3:0) hisobda mag'lub etib, yetakchilar qatoriga qo'shilib oldi.

1 noya 2025, 21:00
Paris Saint Germain — Nice
1 – 0
Tugadi

PSJ hamon Liga 1 yetakchisi, lekin yuzaga keltirilgan vaziyatlardan foydalanish ko'rsatkichi tobora yomonlashib bormoqda. "Nicca" darvozasiga g'alaba goli qo'shib berilgan daqiqalardagina urildi. Mehmonlar kiperi Yevann Diuf esa 7 ta seyv amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi! Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Gonsalo Ramush burchak zarbasidan keyin gol urib ketdi.

1 noya 2025, 23:00
Monaco — Paris
0 – 1
Tugadi

"Monako" kutilmagandagi "sovg'alari" bilan xursand qilishni yaxshi biladi. Bir qarashda murabbiy o'zgargach, Adi Xyutterning iste'fosidan so'ng, jamoa o'yini yaxshi tomonga o'zgargan va bir nechta sifatli uchrashuvlar o'tkazgandi. Biroq undan keyin Liga 1 debyutantiga ochkolar sovg'a qildi. Monegasklar raqib darvozasiga yo'l topa olmadi va durangni ham saqlab qola bilmadi. 53-daqiqada Saymon aniq zarbasi bilan "Parij"ga g'alaba keltirdi.


Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia