

"Monako" futbolchisi 1/16 finalda Bosniya va Gertsegovinaga qarshi bahsda (2:0) VAR ko'rib chiquvidan so'ng Tarik Muharemovichning to'pig'iga xavfli tarzda tepgani uchun qizil kartochka olgan edi.
"The Athletic" xabariga ko'ra, FIFA intizom qo'mitasi Balogunning diskvalifikaciyasini vaqtincha to'xtatishga qaror qildi. Shu bois hujumchi 7 iyul kuni bo'lib o'tadigan Belgiyaga qarshi 1/8 final uchrashuvida ishtirok etishi mumkin.
Bu qaror FIFA Intizom kodeksining 27-moddasi asosida qabul qilingan. Unga ko'ra, intizom organi jazoning to'liq yoki qisman ijrosini ma'lum muddatga to'xtatib turish huquqiga ega. Agar futbolchi sinov muddati davomida yana qoidabuzarlik qilsa, mazkur jazo qayta kuchga kiradi.
Jurnalist Ben Jeykobs ma'lumotiga ko'ra, Balogun uchun belgilangan sinov muddati bir yilni tashkil etadi.
Qizig'i shundaki, bunga o'xshash holat avval ham kuzatilgan. Krishtianu Ronaldu ham Jahon chempionati oldidan shunday vaziyatga tushgan va ehtimoliy uch o'yinlik diskvalifikaciya o'rniga faqat bitta uchrashuvni o'tkazib yuborgan edi.



