Bahodir Ahmedov: "Xorvatiyadagi o'yinlar OCH saralashiga muhim tayyorgarlik bo'ladi"

Tolibjon Qosimov
24 yanv 2022, 16:54
Ayni paytda O'zbekiston futzal terma jamoasi Toshkentda yig'in olib bormoqda.

Bugun Bahodir Ahmedov boshchiligidagi futzalchilarimiz Xorvatiya yig'iniga ketish oldidan oxirgi mashg'ulotni o'tkazdi. "Yunusobod" sport majmuasida bo'lib o'tgan mashg'ulotdan suratlarni e'tiboringizga havola etgan edik.

FOTO  O'zbekiston futzal terma jamoasi Xorvatiyaga ketish oldidan so'nggi mashg'ulotni o'tkazdi GALEREYA

Mashg'ulotdan so'ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahodir Ahmedovning fikrlari bilan qiziqdik.

"Ichki chempionatda ketma-ket ikkita tur bo'lib o'tgani bois futzalchilarda biroz charchoq alomatlari bor. Buni inobatga olgan holda, yigitlarimizning holatini yaxshilash uchun mashg'ulotlar o'tkazyapmiz. Husniddin Nishonov va Sunnatilla Jo'raevda kichik jarohat bor. Xorvatiyadagi yig'in va o'rtoqlik o'yinlarida ishtirok eta olishlari uchun hozir ularga dam beryapmiz. Qolgan o'yinchilarimizni ahvoli yaxshi.

10 kunda 5ta o'yin - bu ko'p. Lekin, yigitlar terma jamoaga nima uchun kelganliklarini yaxshi bilishadi.

Xorvatiyadagi yig'in va o'rtoqlik o'yinlari uchun O'FA rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Ular bu o'yinlarni tashkillashtirishdi. Bu yig'inlar va o'yinlar orqali Qirg'izistonda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik ko'ramiz.

Hozir chempionat o'yinlaridan keyin yig'inga vaqt ko'p bo'lmagani bois 14 nafar futzalchini chaqirdik. Keyin yig'inlarga 20 nafar o'yinchi chaqiramiz va ular orasida yoshlar ham bo'ladi. Darvozabonlar ham hozirgidek ikki nafar emas, to'rt nafar bo'ladi", - deya fikrlarini bildirib o'tdi Ahmedov.


Eslatib o'tamiz, terma jamoamiz bugun tunda Xorvatiya sari yo'lga chiqadi. Vakillarimiz Zagreb shahriga Moskva orqali uchishadi. U yerda Fransiyaga qarshi ikkita va Chernogoriyaga qarshi bitta o'rtoqlik o'yini o'tkaziladi.

O'rtoqlik o'yinlari

28.01.2022

O'zbekiston - Fransiya

30.01.2022

O'zbekiston - Chernogoriya

31.01.2022

O'zbekiston - Fransiya


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia