"Jayxun" bosh murabbiyi: "Tanaffus va o'yin amaliyotining kamligi o'z ta’sirini ko'rsatdi"

25 iyul 2026, 22:26
"Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev "Respublika FA"ga qarshi uchrashuvdan so'ng o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

– Assalomu alaykum hammaningizga, barcha futbol muxlislariga! Hammani bugungi g'alaba bilan tabriklaymiz. Chunki anchadan beri rasmiy o'yinlar o'ynamagan edik. Jahon chempionati sababli deyarli 40 kunlik tanaffus yuzaga keldi.

– Endi uchrashuvga keladigan bo'lsak, o'yin juda og'ir kechdi. O'yin qiyin bo'lishini oldindan bilardik, chunki uzoq vaqt rasmiy o'yinlarda maydonga tushmadik. Tayyorgarlikni faqat o'z qarorgohimizda olib bordik - chetga yoki Toshkentga yig'inlarga bormadik. O'zimizda sun'iy qoplamali maydonda mashg'ulot o'tkazganimiz sababli bugun tabiiy maydonda harakat qilish biroz qiyinchilik tug'dirdi.

Raqibimiz - U-20 terma jamoasi vakillari, ularning murabbiyi ham terma jamoa ustozi hisoblanadi. Ularning o'yinini har tomonlama tahlil qildik: kuchli va nozik taraflarini etarlicha o'rganib chiqqandik.

To'g'risi, birinchi bo'limda o'yinimiz unchalik o'xshamadi. Sababi biz ko'proq to meyorida to'pni ushlab turishimiz va o'yinni nazorat qilishimiz kerak edi, lekin birinchi taymda bunga erisha olmadik. Tanaffusda kiyinish xonasida shogirdlarimga bir-ikkita ko'rsatmalar berdim, o'zgarishlarni amalga oshirdik. Kiritilgan zaxira o'yinchisi o'z samarasini berdi: Asadbek Jo'raboev maydonga tushiboq gol urishga erishdi.

– Jamoa bugun g'alaba qozondi, maydonda oxirigacha yaxshi kurashdi. Lekin shaxsan o'zim bitta narsaga hayron qoldim: ikki oylik tanaffusgacha jamoa juda faol, xususan, raqib maydonida tajovuzkor pressing ko'rsatib o'ynardi. Bugun esa, jamoa yutgan bo'lsa ham, o'sha jo'shqinlik ko'rinmadi. Bunga nima sabab bo'ldi?

– Juda to'g'ri aytdingiz. Bugun men ham shogirdlarimdan o'zim kutgan o'yinni to'liq ololmadim. Bu holat o'sha uzoq tanaffus bilan bog'liq deb o'ylayman. Chunki boshqa jamoalarga o'xshab Toshkentda yoki boshqa joylarda yig'inlar o'tkaza olmadik. O'zimizda munosib raqiblar bo'lmagani uchun etarlicha o'rtoqlik o'yinlari ham tashkil etolmadik.

Bularning barchasini atroflicha tahlil qilib chiqamiz va keyingi o'yinlarda, Xudo xohlasa, o'sha oldingi jo'shqinlikni, o'sha tajovuzkor pressingni hamda o'zimizning mazmunli o'yinimizni qaytarishga harakat qilamiz.

– Bugun o'yin vaqtida shogirdlaringizdan biri raqib murabbiylarining harakatlariga etiroz bildirdi. Yani raqib ustozlari vaqt cho'zyapti deganida, u: "Vaqt cho'zmaymiz, bir kun oldin mashg'ulot o'tkazishimizga maydon bermadinglar" degan etirozni aytdi. Rostdan ham o'yindan oldingi rasmiy mashg'ulot o'tkazilmadimi? Bu nimaga bog'liq bo'ldi?

– Reglamentga ko'ra, mezbon jamoalar mehmonlarga o'yindan oldin mashg'ulot maydoni ajratmaslik huquqiga ega ekan. Biz o'zimiz mustaqil maydon topishga harakat qildik, lekin iloji bo'lmadi. Bilasiz, Toshkentda bo'sh maydon topish biroz muammo. Raqib ham maydon borasida yordam bera olmadi.

Shu sababli rasmiy mashg'ulot o'tkaza olmadik. Kecha ertalab poezdda Toshkentga yetib keldik va shunchaki dam olishga qaror qildik.

– Demak, reglament bo'yicha mezbon jamoa sharoit yaratib berishga majbur emasmi?

– Ha, amaldagi reglamentda shunday band bor ekan - mezbon jamoa mashg'ulot maydoni bilan taminlashga majbur emas. Shuning uchun o'zimiz ham imkon topolmay, bir kun oldingi mashg'ulotni o'tkaza olmadik.

– O'yin davomida bir nechta futbolchilaringizning oyog'i tortishib qolgani ham shu mashg'ulot yetishmasligi bilan bog'liqmi?

– Ha, bunga ham bog'liq. Lekin buni bahona qilib ko'rsatishni xohlamayman. "Bir kun oldin mashg'ulot qilmadik, u bo'ldi, bu bo'ldi" deb bahona izlash menga to'g'ri kelmaydi.

Asosiy sabab - uzoq tanaffus va munosib raqiblar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazmaganimizda. Faqat Ikkinchi liga jamoasi hamda bir marta "Aral" bilan o'ynadik. O'yin amaliyoti yetishmagani sababli bugun o'zimiz kutgan darajadagi futbolni to'liq namoyish eta olmadik.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia