Arbeloa Peresning sovrinlar o'g'irlangani haqidagi gaplariga qo'shildi

Aslanov Jasurbek
13 may 2026, 15:10
"Real" yoshlar jamoasi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Florentino Peresning kechagi matbuot anjumanidagi bayonotlariga munosabat bildirdi.

- Florentino Peresning matbuot anjumani haqida nima deya olasiz?

- Men bu yerda prezidentning chiqishini sharhlash uchun turganim yo'q. Har bir madridist "Madrid" manfaatlarini himoya qilish kerakligiga qo'shiladi. Bizga dunyoning boshqa klublariga qaraganda o'zgacha munosabatda bo'lishadi. Biz bosim darajasi qanday ekanligini bilamiz va bu klub "sosos" (klub a'zolari) tufayli kuchlidir. Hech kim bizga qanday fikrlashni, kim bo'lishni va qanday yo'l tutishni o'rgata olmaydi.
- Prezident o'g'irlangan chempionliklar haqida gapirdi. Bu fikrga qo'shilasizmi?

- Albatta. So'nggi 20 yil ichida nimalar sodir bo'lganini barchamiz ko'rib turibmiz. Hali biz bilmaydigan narsalar ham bo'lishi mumkin. Agar Negreyra ishi to'liq ochilsa, ajoyib bo'lardi.
Bu noqonuniy va futbolga aloqador bo'lgan barchamiz uchun aql bovar qilmaydigan holat ekanligi kunday ravshan. Faqat futbolning o'zi qonuniylikni himoya qilayotgani hayratlanarli ko'rinmoqda. Barcha "Real" muxlislari bu fikrga qo'shiladilar.
- Siz Florentino Peres uchun ovoz bergan bo'larmidingiz?

- Men "soso" emasman, shuning uchun ovoz bermayman. Men "Real"ni Florentino bo'lmagan davrida ham ko'rganman. U kelishidan oldin nimalar bo'lganini va so'nggi 26 yil ichida klub qanday holatga kelganini bilaman.
"Real" ishqibozlari Florentino sovrinlardan tashqari yana nimalarga erishganini yaxshi anglashadi. Agar kimdir vaziyatni o'zgartira olsa, bu faqat Florentino Peresdir", - dedi Arbeloa.
Eslatib o'tamiz, "Barselona" va uning rahbariyatiga Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) Hakamlar texnik qo'mitasi (CTA) sobiq vice-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga to'lovlar amalga oshirilgani bo'yicha pora berish aybi qo'yilgan edi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As