

Bugun kumush medallar uchun kurashayotgan 2 klub Jizzaxda o'zaro to'qnashganidan xabaringiz bor.
Ushbu uchrashuv to'g'risida maqola yozayotib, qiziq ma'lumotga duch kelib qoldik. Bu AGMK va "So'g'diyona" jamoalari uchun yoqimli, "Nasaf" uchun juda ham yoqimsiz fakt.
Gap shundaki, bugun ogohlantirilgan Marko Stanoevich mavsumdagi 5-sariq kartochkasini ishlab oldi. Eng qizig'i, u 4 ta ogohlantirishdan keyin 1 ta o'yinni o'tkazib yubormagan ekan. Aniqroq aytsak, serbiyalik futbolchi 11 noyabr kuni "Surxon" bilan o'yinda mavsumdagi 4-sariq kartochkasini olgan va 4 kundan keyin o'tkazilgan "Qo'qon-1912"ga qarshi o'yinda ham maydonga tushib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan edi.
Bu O'FA "Intizom kodeksi"ning 5.45-bandiga xilof hisoblanadi. “2021 yilgi mavsumda O'zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o'tkaziladigan musobaqalar Reglamenti”ning 17.10-bandi esa bunday holatda "Nasaf" 3:1 "Qo'qon-1912" o'yini natijasini bekor qilib, Qarshi klubiga texnik mag'lubiyat, qo'qonliklarga esa texnik g'alaba yozilishini talab qiladi. Shuningdek, "ajdarlar"ga "Intizom kodeksi"ga muvofiq jarima solinadi.
Agar shunday bo'lsa, ayni paytda musobaqa jadvalida 3-bo'lib turgan "Nasaf"ning ochkoli 42 taga tushib, 4-pog'onaga pastlaydi va kumush medal uchun kurashdan avtomatik ravishda chiqib ketadi. Chempionatdagi 2-o'rin masalasi esa 26-turda Olmaliqda hal bo'ladi.
MAQOLA: "Kino davom etadi": "Nasaf" Diakite uchun jarima to'laydi
Faxriddin Ro'ziev



