

– O'yin haqidagi fikrlaringiz...
– Avvalo, raqibni g'alaba bilan tabriklash kerak. Amalda ularning g'alaba qozonish istagi yuqori ekani ko'rinib turdi. Tabir joiz bo'lsa, ular bu g'alabaga sabr va mehnat bilan erishdilar. Bizga kelsak, bugun bizning kunimiz emas edi, chog'i. Birinchi bo'limdan so'ng statistika bizda 4 ta zarba, ularda esa umuman zarba yo'qligini ko'rsatib turgan bir paytda, tanaffusga 0:1 hisobida yo'l olganimizni yana qanday tushuntirish mumkin? Keyin esa tanaffusdan qaytiboq ikkinchi golni o'tkazib yubordik. Shundan so'ng bu futbol emas, balki shunchaki hissiyotlar maydoniga aylanib ketdi. To'g'ri, biz hisobni tenglashtirishga harakat qildik, ammo umuman olganda, o'yin biz kutgandek chiqmadi. Biz ushbu uchrashuv uchun biroz boshqacha reja tuzgan edik. O'tkazib yuborilgan bu ikki gol mutlaqo kutilmagan va mantiqsiz bo'ldi. Va, albatta, vaziyatlardan foydalanish borasida oqsadik. Agar birinchi bo'limda o'z imkoniyatlarimizni golga aylantirganimizda, o'yin boshqacha tus olishi mumkin edi. Shunday bo'lsa-da, yigitlar harakat qilib, ikkita to'p kiritishning uddasidan chiqishdi. Yigitlarga rahmat aytish kerak. Lekin to'g'risini aytsam, bu juda alamli holat, bundan qochib qutula olmaysiz. Raqibni yana bir bor g'alaba bilan tabriklayman.
– Sir bo'lmasa, ushbu o'yin uchun reja tuzishda nimalarga asoslandingiz va o'yiningizni jamoamizning qanday xatolari ustiga qurmoqchi edingiz?
– Buning hech qanday siri yo'q. Bizga yaxshi ma'lumki, "Qizilqum" oxirgi 4 ta o'yinda, jumladan, bizga qarshi uchrashuvda ham o'z uyida barcha raqiblarini mag'lub etdi. Shuning uchun asosiy e'tiborni dastlabki 20 daqiqalikka qaratgan edik: ularga hisobda oldinga chiqib olish imkonini bermaslik va shundan so'ng himoyaga tayangan holda, yopiqroq o'yin ko'rsatib, qarshi hujumlarda harakat qilishni maqsad qilgandik. Jamoa bosh murabbiyi ham doim takidlaydiki, ular o'tish fazalarida juda kuchli va bo'sh hududlar paydo bo'lganda hujum qilishni xush ko'rishadi. Darvoqe, ikkinchi gol aynan shunday o'tish holatida sodir bo'ldi. Biz to'pni yo'qotdik, markazda vaziyatni o'nglay olmadik, kurashda boy berdik va ikkinchi golni o'tkazib yubordik. Shu bois, asosiy urg'u dastlabki 20 daqiqada tartibli o'ynashga qaratilgandi. Buni biz amalga oshirdik ham - menimcha, birinchi 20 daqiqada o'yinni yomon nazorat qilmadik va vaziyatlar ham yaratdik. Biroq, afsuski, 20-daqiqadan so'ng negadir shoshilib, asabiy o'ynay boshladik. Bu esa darvozamizga unchalik xavfli bo'lmagan golning kiritilishiga olib keldi. Ikkinchi bo'limda ham rejamiz darhol oldinga tashlanmaslik va hisobni tenglashtirish uchun pala-partish harakat qilmaslik edi. Lekin bu ham o'xshamadi: raqib tezkor ikkinchi golni urdi va o'yin ochiqroq tus oldi, bu esa bizning foydamizga xizmat qilmadi. To'g'ri, ikkita gol urishga erishdik. Lekin yana bir bor qaytaraman, balki bugun bizning kunimiz emasdir. Ko'p vaziyatlardan foydalana olmadik. Futbolda shunday bo'lib turadi. Hayot davom etadi, keyingi uy uchrashuviga tayyorgarlikni boshlaymiz.
– Ko'pgina hujumlarni darvozabon orqali boshlayotganingizdek taassurot uyg'ondi. Shuning oqibatida avtogol sodir bo'ldi.
– Ha, bizda shunday reja bor. Agar raqib pressing uyushtirsa, darvozabon orqali o'ynab, bu bosimni yorib o'tishga harakat qilamiz. To'g'ri, avtogol sodir bo'lgan vaziyatda hech qanday bosim yo'q edi. Bu nima bilan bog'liqligini bilmayman. Nazarimda, bu mutlaqo kutilmagan va shart bo'lmagan gol edi. Shunday bo'lsa-da, haqiqatan ham raqib bosim qilganda darvozabon orqali o'ynashga harakat qiladigan vaziyatlarimiz bor, buning hech qanday g'ayritabiiy joyi yo'q. Bizda ochiq gapirishni xohlamaydigan ma'lum muammolar mavjud. Afsuski, o'zingiz ko'rib turibsiz: yana jarohat, yana maydondan chetlatish holatlari. Shu sababli barqaror ravishda bir xil tarkibda o'ynay olmayapmiz, doimo rotaciya qilishga majburmiz. Har o'yinda kamida ikki nafar futbolchimizni yo'qotmoqdamiz. Keyingi o'yinni ham yana ikkita yo'qotish bilan boshlaymiz. Nima ham derdik, vaqtimiz bor, buni hali tahlil qilib chiqamiz.



