Akmal Shorahmedov Shvetsiya bilan o'yin haqida: "Xafa bo'lishmasin, Anzur Ismoilov va Egor Krimecdan so'ng bunday himoyachilar yo'q"

Aslanov Jasurbek
6 sen 2021
O'zbekiston milliy terma jamoasining Shvetsiyaga qarshi ko'rsatgan o'yini ko'pchilik tomonidan iliq baholandi.

Futbolchilarimizning ishonch bilan harakat qilgani, kombinaciyalarning muvaffaqiyatli amalga oshgani va muhimi kuchli raqib qarshisida o'zlarini yo'qotib qo'yishmagani e'tiborimizni tortgan jihatlaridan biri bo'ldi, deya olamiz. Xo'sh, ekspet fikri qanday ekan? Shvetsiya bilan o'yin haqida Akmal Shorahmedovga yuzlandik. 

- Yuqorida takidlaganimizdek o'zbek futboli ommasi Shvetsiyaga bilan o'yinni yaxshi qabul qildi. Uchrashuvdan keyingi yangragan fikrlarning aksariyati ijobiy. Nima, deb o'ylaysiz futbolchilar yangi murabbiyga o'zlarini yaxshi tomonlarini ko'rsatish payida bo'lishdimi yoki Srechko Katanets qisqa vaqtda nimadir yangilikni singdira oldimi?

- Menimcha bu erda murabbiyning hech qanday gapi rol o'ynamagan. Tarkibni tuzishda ham o'zbekistonlik murabbiylarning tavsiyasidan kelib chiqib yondoshgan, deb o'ylayman. Avvalo bu o'rtoqlik uchrashuvi. Bitta o'yinga qarab baho berish kerak emas. Oldin ham aytganman, bizning futbol tezlik va jismoniy tomondan ko'proq ishlashi kerak. Markaziy himoyaga yoshlardan bo'yi baland va baquvvat futbolchilarni tanlashimiz zarur. Bu hamon og'riqli nuqtamiz bo'lib qolmoqda. 4-5 yil oldin bu harakatni boshlashiiz lozim. Bo'lmasam, markaziy himoya muammoli chiziq sifatida gavdalanaveradi. Qaysi murabbiy ishlashining farqi yo'q. Boisi futbolchi 1 hafta terma jamoa qolgan vaqt klub ixtiyorida bo'ladi. Shvetsiya futbolchilariga qarsangiz ancha baquvvat. O'rtoqlik o'yinida hech narsa rol o'ynamaydi. Kimning qandayligini bilib bo'lmaydi. 

- Terma jamoamizning JCH-2022 saralash bosqichidan o'rin olgan Saudiya Arabistoni bilan o'yinga qaraganda o'yinimizda qanday ijobiy o'zgarishni sezdingiz? Shaxsan men futbolchilarimizning harakatida sarosimani sezganim yo'q...

- Menimcha solishtirish qiyin. Saudiyada Jahon chempionati saralashining keyingi bosqichiga chiqish masalasi bor edi. Har bitta xato qimmatga tushardi. Bu - o'rtoqlik uchrashuvi. Shvetsiya bilan o'yinga qaraganda o'sha Yamanga qarshi bahs qiyin bo'lgandi. Rasmiy o'yin baribir boshqacha. O'rtoqlik uchrashuvida bosim bo'lmagani uchun futbolchilar erkin harakat qildi. Murabbiy birdaniga zo'r qilib qo'yibdi, degan gaplar noo'rin. 

- Demak hali to'liq baho berishga erta...

- Biz Janubiya Koreya, Yaponiya, Eron, Qatar, Avstraliya kabi nomdor terma jamoalarni yutishimiz darkor. Murabbiyning ishi kamida 2 yilda ko'rinsa kerak. 

- Shvetsiya kabi raqiblar bilan bahslarda munosib kurashib ishonch orttirib olinsa, siz aytgan terma jamoalar bilan hayiqmay o'ynasak ham bo'ladi...

- Ishonchni klubda orttirib kelinadi. Terma jamoa klub emas-ku, bir yilda 3-4 marotaba o'ynaydi. Yil davomida qiyin va kuchli o'yinlar orqali futbolchi o'sishga erishadi.  

- Markaziy himoya chizig'ida kamchiliklarimiz borligi ko'rindi. Balki Katanets chempionatimizni kuzatib munosibini topishi mumkin. Siz qaysi markaziy himoyachilarni nomzod sifatida ko'rsata olasiz?

- Fikrimcha himoyachilarimiz bo'y taraflama mag'lub bo'lishadi. Yuqorida takidlaganimdek bo'yi baland va jismoniy baquvvat futbolchilarni tarbiyalashga e'tibor qaratish muhim. Xafa bo'lishmasin, Anzur Ismoilov va Egor Krimecdan so'ng bunday tipdagi himoyachilar yo'q. 

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia