"Agar ataylab urganimda, u o'rnidan tura olmasdi!" Ryudiger raqibining jag'iga bergan zarbasi haqida

Aslanov Jasurbek
17 mar 2026
Madridning "Real" klubi himoyachisi Antonio Ryudiger La Liganing 26-turida raqib yuziga tizzasi bilan bergan kuchli zarbasi yuzasidan izoh berdi.

Qonli vaziyat va hakamlar qo'mitasining etirozi:

Eslatib o'tamiz, uchrashuvning 26-daqiqasida "Xetafe" himoyachisi Diego Riko Arda Gyuler bilan kurashda yiqilib tushgan va shu paytda vaziyatga qo'shilgan Ryudiger chap tizzasi bilan uning elkasiga, keyin esa jag'iga zarba berib yuborgan edi. Hakam Alexandro Munis bu vaziyatda qoidabuzarlik qayd etmadi. Biroq keyinchalik Ispaniya hakamlar qo'mitasi (CTA) nemis futbolchisi ushbu qo'polligi uchun qizil kartochka olishi kerak edi, degan xulosaga keldi.

"Men uni o'ldirmoqchi emasdim"

Ryudiger esa bu ayblovlarga va vaziyatning bo'rttirilayotganiga o'z munosabatini bildirdi:

"Men takroriy lavhalarni sekinlashtirilgan holatda ko'rdim va bu haqiqatan ham dahshatli ko'rinardi. Ammo o'yinning o'zini ko'rsangiz...

Men bahslashmoqchi emasman, lekin uni o'ldirmoqchi ham emasdim. Bu kontaktni bo'rttirib ko'rsatish kerak emas, chunki agar men buni ataylab qilganimda, u o'rnidan tura olmasdi. U esa yugurishda davom etdi".

"Mening o'z chegaralarim bor"

"Men o'yindan keyin u bilan gaplashdim. Bitta to'xtatilgan kadr butun voqeani to'liq ochib berolmaydi. Bu qizil kartochka emasdi. Men unga jarohat etkazishni istamagandim. Qattiqqo'l o'yin ko'rsatishni yaxshi ko'raman, lekin men hech qachon oshib o'tmaydigan chegaralarim bor. Shuning uchun ham bu bayonotlarni biroz oshirib yuborilgan deb hisoblayman", - dedi Ryudiger.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Marca