JCH-2013 (U-17). O'smirlarimiz Xorvatiya bilan o'yinga tayyor

Nadirkhuja Yuldashev
24 okt 2013, 15:16
O'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida o'z ishtirokini davom ettirayotgan O'zbekiston o'smirlar termasi kecha Xorvatiyaga qarshi o'yinoldi so'nggi mashg'ulotini o'tkazdi.

Mahalliy vaqt bilan 19:00da boshlangan mashg'ulot Fujayra shahrining biroz chetrog'ida joylashgan “Al Aruba” stadionida o'tkazildi.

O'yinoldi mashg'ulot bir soat-u 15 daqiqa davom etdi. Bunda futbolchilar ko'proq to'p bilan muomala qilish hamda to'pni bir-birlariga tez va aniq etkazib berish ustida ishlashdi. Mashg'ulotni O'FF texnik direktori Rustam Akramov ham kuzatib bordi va jarayon yakuniga etgach, termamiz murabbiylariga o'z maslahatlarini berdi.

Mashg'ulotda barcha futbolchilar ishtirok etishdi. Hammaning kayfiyati joyida. Eng muhimi, hech kim Xorvatiyadan cho'chiyotgani yo'q. Biz har qanday raqibni hurmat qilamiz, lekin hech kimdan cho'chimaymiz qabilida fikrlashyapti, bizning yigitlar.

Demak, bugun Toshkent vaqti bilan 21:00da futbolchilarimiz guruhdagi oxirgi bellashuvni Xorvatiyaga qarshi o'tkazishadi. Umid qilamizki, bu o'yinda jamoamiz g'alaba qozonib, o'zbekistonlik muxlislarga quvonch ulashadi.

Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: