Superliga. "Andijon" safarda penaltidan gol ura olmagan "Bunyodkor"ni mag'lub etdi

Оқил Абдубарноев
24 apr 2026, 22:10
Superliga 9-turidan o'rin olgan uchrashuv yakunlandi.

Superliga

9-tur

"Bunyodkor" – "Andijon" 1:3

Toshkent. “Bunyodkor” stadioni. 20:15

Bosh hakam: Shavkat Nasibullaev

Yordamchi hakamlar: Rasuljon Fozilov, Islom Nosirov

Zaxira hakami: Nikita Mustafin

VAR: Jasur Muxtorov

AVAR: Islom Azimov

Nazoratchi: Bobur Haydarov

Komissar: Sherzod Rajabov

Gollar: 0:1 – 5, Imeda Ashortia (Odilbek Abdumajidov), 0:2 – 70, Usmonali Ismonaliev (Po'latxo'ja Xoldorxonov), 0:3 – 73, Azizbek Turg'unboev (Damir Temirov), 1:3 – 90+2, Narimon Ahmadjonov (Shahboz Umarov)

“Bunyodkor”: 16.Federiko Botti, 4.Najmiddin Normurodov, 6.Boburbek Yo'ldoshev, 8.Dmitriy Pletnyov (66.Azizbek To'lqunbekov, 23), 10.Amir To'raqulov (9.Matiya Krivokapich, 46), 15.Marko Bugarin, 17.Muzaffar Olimjonov (7.Shahboz Umarov, 67), 21.Nosirjon Abdusalomov, 23.Asadbek Rahimjonov, 28.Samandarjon Mavlonqulov (11.Sardor Abdunabiev, 46), 77.Bilolxon Toshmirzaev (18.Narimon Ahmadjonov, 78)

Zaxira: 1.Abdumavlon Abduljalilov, 3.Sardor Rahmonov, 27.Islom Anvarov, 47.Sadriddin Hasanov.

“Andijon”: 1.Eldor Adhamov, 2.Odilbek Abdumajidov, 6.Aleksandre Androkinashvili, 9.Imeda Ashortia (17.Azizbek Turg'unboev, 46), 11.Humoyunmirzo Iminov (7.Po'latxo'ja Xoldorxonov, 46), 15.Nemanya Chalasan, 22.Usmonali Ismonaliev, 26.Muhammadkarim Toirov (18.Damir Temirov, 69), 27.Martin Boake (10.Dragan Cheran, 46), 28.Bekzod Sulaymonov (33.Doniyor Abdumannopov, 46), 77.Mahmudjon Mahamadjonov.

Zaxira: 35.Rahimjon Davronov, 8.Jamshid Boltaboev, 14.Abdurahmon Komilov, 20.Islom To'xtaxo'jaev.

Ogohlantirish: Muhammadkarim Toirov (28)

Uchrashuv yakunlandi! Hakamning final hushtagi yangradi.

"Bunyodkor" – "Andijon" - 1:3

"Andijon" jamoasi safarda kechgan qiyin bahsda ishonchli g'alabani qo'lga kiritdi. Ikkinchi bo'limda "burgutlar" tomonidan kiritilgan ikkita gol o'yin taqdirini deyarli hal qilib qo'ygan edi. "Bunyodkor" uchrashuv so'ngida Narimon Ahmadjonovning chiroyli goli evaziga javob qaytargan bo'lsa-da, bu ochko olish uchun kamlik qildi.

90+2' – GOL! "Bunyodkor" nihoyat hisobni qisqartirdi!

Diskvalifikaciyasi yakunlanib, maydonga qaytgan Narimon Ahmadjonov o'zining qanchalik "tashna" ekanligini namoyish etdi. U chap qanotdan markazga qarab intildi va jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli, aylanma zarba yo'llab, darvozani ishg'ol qildi!

Maydon tashqarisida kuzatilgan "vajohat" va ishtiyoq mana shu golda o'z aksini topdi. Chiroyli gol!

Hisob – 1:3.

90' – Uchrashuvning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Zaxira hakami tomonidan ikkinchi bo'limga 4 daqiqa vaqt qo'shib berilgani ma'lum qilindi. "Burgutlar"ning yirik g'alabasiga sanoqli daqiqalar qolmoqda.

89' – Xavfli vaziyat! "Bunyodkor"ning chap qanotdan tashkil etgan hujumidan so'ng to'p jarima maydonchasi ichiga uzatildi. U yerda Nosirjon Abdusalomov darvozani nishonga oldi, biroq Eldor Adhamov to'pni egallab olishga muvaffaq bo'ldi.

87' – Nosirjon Abdusalomov jarima zarbasini ijro etdi. Uning darvoza tomon yo'llagan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi – to'p darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi. "Bunyodkor" vaziyatlardan foydalanishda oqsashda davom etmoqda.

85' – Maydonda to'xtalish. "Andijon" himoyachisi Odilbek Abdumajidov to'p uchun kurashda noqulay yiqildi. Unga maydonda tibbiy yordam ko'rsatilmoqda. Bahs vaqtincha to'xtab turibdi.

84' – Dragan Cheran chap oyog'i bilan raqib darvozasini nishonga olishga urinib ko'rdi. Biroq uning bergan zarbasiga aniqlik yetishmadi va to'p maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

82' – Matiya Krivokapich raqib darvozasini nishonga olishga urinib ko'rdi. Uning yo'llagan zarbasidan so'ng "Andijon" posboni Eldor Adhamov to'pni ishonch bilan egallab oldi.

81' – Najmiddin Normurodov jarima zarbasini ijro etdi. Biroq uning bergan zarbasiga aniqlik yetishmadi va to'p darvozaga xavf tug'dirmay maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

78' – "Bunyodkor" tarkibida o'zgarish: Bilolxon Toshmirzaev zaxiraga olindi, uning o'rniga Narimon Ahmadjonov bahsni davom ettiradigan bo'ldi.

73' – GOL! "Andijon" hisobni yiriklashtirmoqda!

Damir Temirovning zargarona pasidan so'ng, Azizbek Turg'unboev jarima maydonchasi ichiga yorib kirdi va imkoniyatni qo'ldan boy bermay, darvozani aniq nishonga oldi. "Burgutlar" mehmonda haqiqiy "shou" ko'rsatishmoqda.

Hisob – 0:3. "Bunyodkor" uchun bugungi kecha ancha og'ir o'tmoqda.

70' – GOL! "Andijon" hisobdagi farqni oshirmoqda!

Po'latxo'ja Xoldorxonov tomonidan jarima zarbasidan havolatib etkazib berilgan to'pni Usmonali Ismonaliev bosh bilan darvozaga aniq yo'lladi. "Burgutlar" standart vaziyatdan unumli foydalanishdi.

Hisob – 0:2. Mezbonlar uchun vaziyat ancha murakkablashdi.

69' – "Andijon" tarkibida navbatdagi o'zgarish: Muhammadkarim Toirov o'z o'rnini Damir Temirovga bo'shatib berdi.

67' – "Bunyodkor" tarkibida navbatdagi o'zgarish: Muzaffar Olimjonov zaxiraga olindi, uning o'rniga Shahboz Umarov bahsga qo'shildi.

66' – "Andijon"ning qarshi hujumi! "Bunyodkor" posboni Federiko Botti yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xavfni oldindan sezib, maydon markazigacha chiqib keldi va to'pni autga tepib yuborish orqali xavfni bartaraf etdi.

64' – Xavfli vaziyat! "Bunyodkor" vakillari o'ng qanotdan markazga pas uzatishdi. Himoyachi to'pni qaytardi, biroq hujumning davomida to'p yana jarima maydonchasi ichiga qaytarildi. U yerda paydo bo'lgan Bilolxon Toshmirzaev to'pni to'xtatishda xatoga yo'l qo'ydi va natijada qulay imkoniyat boy berildi.

63' – "Andijon" burchak zarbasini amalga oshirdi. Aleksandre Androkinashvili jarima maydonchasi ichida bosh bilan zarba yo'lladi, biroq uning urinishi noaniq chiqdi. To'p darvoza yuqorisidan o'tib ketdi.

62' – "Bunyodkor"ning burchak zarbasidan so'ng himoyachilar to'pni qaytarishdi. Hujumning ikkinchi to'lqinida jarima maydonchasiga uzatma amalga oshirildi – Marko Bugarinning bosh bilan yo'llagan zarbasi darvoza to'siniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Mezbonlarda juda xavfli vaziyat!

58' – Azizbek Turg'unboev o'ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga kirib borib, kuchli zarba yo'lladi. Biroq uning ijrosidagi zarbaga biroz aniqlik yetishmadi va to'p darvoza yonidan o'tib ketdi.

55' – Federiko Bottidan super seyvlar! "Andijon" ketma-ket xavfli hujumlar tashkil etdi, biroq "Bunyodkor" posboni avvaliga Doniyor Abdumannopov, so'ngra Po'latxo'ja Xoldorxonov tomonidan yo'llangan zarbalarni mahorat bilan qaytarib qoldi. Hisob o'zgarishsiz qolmoqda.

48' – Po'latxo'ja Xoldorxonov chap oyog'i bilan darvozani nishonga olishga urindi, biroq uning zarbasiga aniqlik yetishmadi. To'p darvoza yonidan o'tib ketdi.

46' – Ikkinchi bo'lim boshlandi. Tanaffusdan so'ng har ikki jamoa tarkibida o'zgarishlar yuz berdi.

"Bunyodkor" safida Samandarjon Mavlonqulov o'rniga Sardor Abdunabiev, Amir To'raqulov o'rniga esa Matiya Krivokapich maydonga tushdi.

"Andijon" tarkibida bir yo'la to'rtta almashtirish: Martin Boake o'rniga Dragan Cheran, Bekzod Sulaymonov o'rniga Doniyor Abdumannopov, Imeda Ashortia o'rniga Azizbek Turg'unboev hamda Humoyunmirzo Iminov o'rniga Po'latxo'ja Xoldorxonov bahsni davom ettiradigan bo'ldi.

45+2' – Birinchi bo'lim yakunlandi. Tanaffus.

Hozircha hisob mehmonlar foydasiga – 0:1. Imeda Ashortianing 5-daqiqadagi goli "Andijon"ni oldinga olib chiqdi. "Bunyodkor"da hisobni tenglashtirish uchun qulay imkoniyat (penalti) bo'lgan edi, biroq Toshmirzaev undan foydalana olmadi. Jamoalar kiyim almashtirish xonasiga yo'l olishmoqda.

45' – Birinchi bo'limning asosiy vaqtiga 2 daqiqa vaqt qo'shib berildi.

43' – Azizbek To'lqunbekovning olis masofadan yo'llagan zarbasi o'ta noaniq chiqdi. To'p darvozadan ancha uzoq traektoriya bo'ylab maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

37' – Amir To'raqulov olis masofadan zarba yo'lladi. Uning ijrosi kuchsiz va noaniq chiqdi, natijada to'p darvozaga xavf tug'dirmay maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

35' – Jarima zarbasini Nosirjon Abdusalomov ijro etdi. Uning bergan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi.

34' – Imeda Ashortia o'z jarima maydonchasi yaqinida Bilolxon Toshmirzaevni yiqitdi. "Bunyodkor" foydasiga juda xavfli nuqtadan jarima zarbasi belgilandi.

32' – "Bunyodkor"da hisobni tenglashtirish uchun oltin imkoniyat boy berildi. O'tgan o'yinda xet-trik qayd etgan, jumladan, jarima zarbasini golga aylantirgan Bilolxon Toshmirzaevning penaltidan yo'llagan zarbasi darvoza ustunidan qaytdi! Uning qaytgan to'pga bergan ikkinchi zarbasi yo'liga Nemanya Chalasan to'g'anoq bo'ldi. Bahs davom etadi.

30' – "Andijon" darvozasiga penalti! Bilolxon Toshmirzaevning chap qanotdan uzatgan to'pi Humoyunmirzo Iminovning qo'liga tegdi – hakam nuqtani ko'rsatdi.

28' – Muhammadkarim Toirov autdan kelgan to'pni nazorat qilishda xatoga yo'l qo'ydi va qarshi hujumga o'tib ketayotgan Nosirjon Abdusalomovni ushlab qolgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi.

28' – Bekzod Sulaymonovning darvoza tomon yo'llagan zarbasi Najmiddin Normurodovga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. "Andijon" foydasiga aut.

25' – Bilolxon Toshmirzaev burchak zarbasidan to'pni jarima maydonchasiga oshirdi, "Andijon" posboni Eldor Adhamov to'pni ishonch bilan ushlab oldi.

23' – "Bunyodkor" tarkibida majburiy o'zgarish: jarohat olgan Dmitriy Pletnyov maydonni tark etdi. Uning o'rniga Azizbek To'lqunbekov o'yinga qo'shildi.

22' – Mahmudjon Mahamadjonov chap qanotdan jarima maydonchasiga kirib, markazga uzatma berdi. "Bunyodkor" posboni Federiko Botti to'pni egallab oldi.

19' – Aleksandre Androkinashvili jarima maydonchasi ichiga keskin pas uzatdi. Humoyunmirzo Iminovning zarbasini Federiko Botti qaytardi. Qaytgan to'pga Martin Boakedan avvalroq himoyachi yetib kelib, xavfni bartaraf etdi. Ko'p o'tmay hakam ofsayd qayd etdi.

17' – Dmitriy Pletnyov raqib jarima maydonchasi tashqarisida Aleksandre Androkinashvili bilan to'qnashib ketdi. "Bunyodkor" a'zosiga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda, o'yinda qisqa to'xtalish.

16' – "Bunyodkor" jarima zarbasiga ega bo'ldi. Najmiddin Normurodovning ijrosidagi zarba noaniq ko'rinish oldi va to'p darvoza yuqorisidan o'tib ketdi.

14' – Federiko Botti to'pni maydon chetida turgan bosh murabbiy Ilyos Zeytullaev yo'nalishiga uzatdi.

12' – Nemanya Chalasan jarima maydonchasi ichidagi Usmonali Ismonalievga kross uzatdi. Ismonaliev to'pni bosh bilan Martin Boakega etkazdi, biroq hujum cho'zilib ketgani bois "Bunyodkor" himoyachilari o'z o'rinlariga qaytishga va xavfni bartaraf etishga ulgurishdi.

5' – GOOOL! Imeda Ashortia o'ng qanotdan markazga intilib, himoyachilar qurshovida bo'lishiga qaramay, darvozani aniq nishonga oldi – 0:1. Ashortia sobiq jamoasi darvozasini ishg'ol etgani sababli golni nishonlamadi.

_JP86442.JPG

4' – Aleksandre Androkinashvili Bekzod Sulaymonovni raqib posboni bilan birga-bir vaziyatga chiqarishga harakat qildi. "Bunyodkor" darvozaboni Federiko Botti o'z vaqtida oldinga chiqib, xavfni bartaraf etdi.

2' – "Andijon" vakili Bekzod Sulaymonov chap qanotdan oldinga o'tib, jarima maydonchasi ichiga to'pni uzatdi. "Bunyodkor" himoyachisi Boburbek Yo'ldoshev to'p yo'liga g'ov bo'lib, xavfni bartaraf etdi.

1' – Uchrashuv boshlandi. To'pni maydon markazidan "Bunyodkor" futbolchilari o'yinga kiritib berishdi. Mezbonlar ilk soniyalardan nazoratni qo'lga olishga intilishmoqda.

_JP86274.JPG_JP86284.JPG

Jamoalar bosh hakam Shavkat Nasibullaev boshchiligida yashil maydonga tushib kelishmoqda. Maydon egalari - "Bunyodkor" jamoasi bugun o'z ananalariga sodiq qolgan holda to'q-ko'k rangli liboslarda harakat qiladi. Mehmonlar, "Andijon" esa bugun oq rangli formalarda maydonga tushishdi.

Har ikki jamoa sardorlari va hakamlar ishtirokida qur'a tashlash va rasmiy jarayonlar bo'lib o'tmoqda. Birozdan so'ng uchrashuvga start beriladi. Bizni shiddatli 90 daqiqa kutmoqda!


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia